Yirik ma’rifatparvar Jo‘ra Bo‘tako‘z 99 yoshida vafot etdi

Madaniyat-san’at

image

Kecha, 7 avgust kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, o‘zbek ma’rifatparvari, yozuvchi Jo‘ra Bo‘tako‘z 99 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi. 

U 1926 yilda Andijon shahrida tug‘ilib, 1930 yillarda oilasi bilan Tojikistonga, 1935-1936 yillarda esa Afg‘onistonga ko‘chib ketgan. Uning umri deyarli sargardonlikda o‘tgan. Yozuvchi dunyoning Hindiston, Turkiya, Pokiston, Misr, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi davlatlarida ham yashagan.

1950 yillarda Pokistonda yashab yurgan paytlarida urdu tilini o‘rganish uchun har kuni gazeta o‘qigan. Jo‘ra Bo‘tako‘z 5 ta tilda erkin so‘zlasha olgan. 

U o‘zbek kitobxonlariga ulkan yodgorliklar qoldirgan. Masalan, o‘z mehmonxonasini sotib, Abdulla Qodiriy romanlarini chop ettirgan. Marhum “O‘tkan kunlar” romanini 1961 yilda Pokistonda chop ettirib, muhojir vatandoshlarga tekin tarqatgan. 

O‘zbek adibi Tohir Malikning “Shaytanat” asarida xorijdagi o‘zbeklar uchun “O‘tgan kunlar” romanini nashrdan chiqargan millatparvar kishi Jo‘raqori Bo‘tako‘z nomi tilga olinadi. Shuningdek, marhum haqida Xayriddin Sultonning "Navoiy 30" asarida ham ma’lumot berilgan. U “Bo‘tako‘znoma”,“Ona tilimni deb”, “Bulujuston esdaliklari” va boshqa asarlarining muallifi ham sanaladi. 

Jo‘ra Bo‘tako‘z Sovet davrida xorijdan O‘zbekistonga qayta olgan sanoqli shaxslardan biri. U 1960 yillar oxirida O‘zbekistonda kelgach, qaytib xorijga chiqishiga ruxsat berilmaydi.

Jo‘ra Bo‘tako‘z mustaqillikni O‘zbekistonda kutib olish sharafiga ham muyassar bo‘lgan.

“Ozodligimizning muborak bayrog‘i ko‘tarilayotganda o‘sha yerda yig‘lab turdim. Shu lutfga sazovor bo‘lganlardan, ishtirok etganlardan biri bo‘lish sharafiga loyiq bo‘ldim”, degan u intervyularining birida. 

Marhumning janozasi bugun, 8 avgust kuni Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyida bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, 28 iyul kuni taniqli bastakor Sultonali Rahmatov uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng 55 yoshida olamdan o‘tgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Jo'ra Bo'tako'z ma'rifatparvar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar