Yilning eng yaxshi hamshiralari aniqlandi

Jamiyat

image

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida “Hamshira – 2019” respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. An’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan mazkur tanlov Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, Respublika Hamshiralar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 14 nafar hamshira o‘zaro bellashdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

An’anaviy tarzda o‘tayotgan “Hamshira” respublika ko‘rik tanlovining ham o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarning intilishlarini ro‘yobga chiqarishda alohida o‘rni bor. Tanlovning bu yilgi barcha bosqichlari ham uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

O‘tgan yillardan farqli ravishda bu yil tanlovni o‘tkazish tartibi, baholash mezonlari yanada takomillashdi. Tanlovda asosiy e’tibor hamshiralarning bilimi, intellektual va kasbiy salohiyatiga qaratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilarning tibbiyot bilan birga mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlar, sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi, faol fuqarolik pozitsiyasi baholashning muhim mezonlaridan etib belgilandi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi xirurgiya posti navbatchi hamshirasi Dilafro‘z Pattayeva birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Farg‘ona viloyati perenatal markazi qabulxona bo‘limi katta doyasi Zuhraxon Haydarova ikkinchi, Jizzax viloyati Paxtakor tuman tibbiyot birlashmasi homiladorlar patologiyasi bo‘limi muolaja hamshirasi Sarvinoz Qo‘shboqova uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. G‘oliblarga tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

Eslatib o‘tamiz, an’anaga muvofiq “Hamshira – 2019” tanlovining g‘oliblari tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli asosda o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda Toshkent tibbiyot akademiyasi va tibbiyot institutlarining “Oliy hamshiralik ishi” bo‘limlarida turli yo‘nalishlar bo‘yicha besh ming nafarga yaqin oliy ma’lumotli bakalavr hamshiralar tayyorlandi, yuzga yaqin hamshiralar magistr darajasiga ega. Yana bir e’tiborli jihati, 18 nafar oliy ma’lumotli hamshira tibbiyot sohasida falsafa doktori (PhD) ilmiy unvoniga ega bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

30

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing