Yil oxirigacha Ozarbayjon 5,5 ming qochqinni Qorabog‘ga qaytaradi
Olam
−
29 Sentabr 2023
3950Qorabog‘dagi uylariga qaytarilgan ozarbayjonlik ichki ko‘chirilganlar soni joriy yilning oxirigacha 5,5 ming nafarni tashkil qiladi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Zangilon shahrida ochilgan II milliy shaharsozlik forumida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
“Hozirgi kunga qadar 2,3 ming nafar sobiq ichki ko‘chirilganlar qaytarilgan bo‘lsa, joriy yil oxiriga qadar ularning soni 5,5 ming kishini tashkil etadi”, deydi Prezident.
Aliyevning qo‘shimcha qilishicha, hozirda o‘z vatanlariga qaytishni kutayotganlar orasida o‘ziga xos navbat paydo bo‘lgan.
“Odamlar Bakudan, mamlakatning ikkinchi yirik shahri – Sumgaitdan, Ganjadan kelayapti, shaharlardan qishloqlarga kelayapti”, degan Ozarbayjon rahbari.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qorabog‘ mojarosi oqibatida 1 millionga yaqin ozarbayjonlik qochqin va ichki ko‘chirilganlarga aylangan.
Bundan tashqari, u Baku Qorabog‘dagi arman aholisining huquqlari va xavfsizligini ta’minlashi, ularga reintegratsiya bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etganini ta’kidlagan.
"Biz Qorabog‘dagi arman aholisining huquqlari va xavfsizligi himoya qilinishini rasman e’lon qilamiz. Biz Qorabog‘dagi arman hamjamiyatiga ularning Ozarbayjon Konstitutsiyasi va xalqaro konvensiyalarda o‘z aksini topgan diniy, ta’lim, madaniy, kommunal va boshqa barcha huquqlarini hurmat qilishni o‘z ichiga olgan reintegratsiya haqidagi qarashlarimizni allaqachon taqdim etdik”, degan Ozarbayjon rahbari.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 sentyabr kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi uning rahbari Samvel Shahramanyan tomonidan imzolangan farmon bilan tugatilgandi. Bungacha, 19 sentyabr kuni Baku mintaqada "mahalliy aksilterror choralari" boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. Rossiya va AQSH mojaro tomonlarini qon to‘kilishini to‘xtatib, diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingenti ishtirokida Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi