Yevropaga rus nefti yetkaziladigan quvurda sizma aniqlandi

Olam

image

Rossiyaning Yevropaga neft yetkazib beriladigan “Drujba” quvurining g‘arbiy qismidagi ikki tarmog‘idan birida sizib chiqish nuqtasi aniqlandi. Bu haqda Polshaning “Pern” operatori ma’lum qildi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, operatorning avtomatlashtirish tizimlari 11 oktyabr kuni kechki payt Polotskdan 70 kilometr uzoqlikdagi quvur uchastkasida sizib chiqishni aniqlagan.

“Bu – Germaniyaga neft yetkazib beriladigan tarmoq. Hozirda hodisa sabablari noma’lum, quvurning shikastlangan qismi uzilgan, ikkinchi liniya o‘zgarishsiz ishlamoqda”, deyiladi “Pern” bayonotida.

Kompaniya mutaxassislari va Polsha yong‘in xavfsizligi xizmati neft oqayotgan joyga vaziyatni baholash va hudud xavfsizligini ta’minlash uchun borishgan.

Operator infratuzilmaning boshqa elementlari, jumladan, tankerlar orqali yetkazib beriladigan neft Polsha orqali Germaniyaga olib o‘tiladigan uchastkasi ham normal ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 sentyabr kuni bir necha soat ichida “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim-2”ga quvurida to‘rtta gaz sizish nuqtasi aniqlandi. Ulardan birinchisi Daniyaning Bornxolm oroli yaqinidagi “Shimoliy oqim-2”da aniqlangan. Keyin “Shimoliy oqim”da ikkita sizish qayd etildi. Daniya energetika agentligi dengizga katta miqdorda gaz tushgani haqida xabar berdi. So‘nggi to‘rtinchi sizish nuqtasi Shvetsiya hududida topildi. Samolyotlar va kemalarning hodisa sodir bo‘lgan joyga besh dengiz milidan yaqinroq kelishi taqiqlandi.

Yevropa Ittifoqi rasmiylari “Shimoliy oqim”ga ataylab zarar yetkazilganini aytmoqda. Shvetsiya va Daniyadagi seysmologik stansiyalar gaz sizib chiqqan hududda suv osti portlashlarini qayd etgan.

Hodisalarni Germaniya, Daniya va Shvetsiya tekshirmoqda. Nemis maxfiy xizmatlari bu g‘avvos yoki suv osti kemasidan foydalangan holda sabotaj bo‘lgan deb gumon qilmoqda. Ularning fikricha, gaz quvurlari tezda ta’mirlanmasa, ular abadiy yaroqsiz holga kelishi mumkin.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa “Shimoliy oqim”lardagi nosozlikni “angl-sakslar” qasddan uyushtirganini aytib chiqdi. Ammo angl-sakslar deganda kimni nazarda tutayotganini aniq aytmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

87

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing