Yevropada duv-duv gap: Portugaliya Ronalduning bosimisiz ham chempion bo‘ladi

Sport

image

“Yuventus”dagi og‘ir mavsumdan so‘ng, Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Fernandu Santush Portugaliya sardorini Yevro-2020 musobaqasi o‘yinlarida maydonga tushirishi shart ekanligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bundan to‘qqiz oy oldin esa, mutaxassisga: “jamoa Ronaldu bilan kuchlimi yoki usiz ham natijalarga erisha oladimi”, deya savol berishgandi. U esa,  yelkasini qisib, jilmaygancha:

“Menimcha, dunyoning hech bir jamoasi, eng yaxshi futbolchisi yo‘q bo‘lgan paytda natijalarga erisha olmaydi. O‘tgan 19 yil ichida besh karra “Oltin to‘p” sovrindori bo‘lgan futbolchining ta’sirini hisobga olgan holda, ba’zi savollarga javob beradigan bosqichga yetib kelganimizga ishonish qiyin”,- deb javob bergandi.

Ronaldu milliy qahramon va doimo shunday bo‘lib qoladi. Yevro-2004 finalida Portugaliya Gretsiyaga mag‘lub bo‘lgan oqshom ko‘z yoshlarini yashirib tura olmagan yosh yigit yillar o‘tgach klublari va mamlakatini shon-sharafga yo‘naltirish paytida mavjud bo‘lgan rekordlarning deyarli barchasiga yaqin kelgan va aksariyat hollarda ularni yangilagan super yulduz darajasiga chiqdi.

Portugaliya terma jamoasi safida 106 ta gol urgan holda terma jamoalarda gol urish bo‘yicha eronlik Ali Dayining rekordini (109 gol) yangilashga yaqin keldi. U 2019 yilda shunday degan edi: 
“Barcha rekordlar kun kelib yangilanadi, men Dayining rekordni, albatta, yangilayman”.

Shuningdek, ushbu turnir davomida Ronaldu tomonidan yangilanishi mumkin bo‘lgan va allaqachon yangilangan bir qancha rekordlar mavjud.

Dastlabki turda Vengriya darvozasiga ikkita gol urgan Krishtianu Yevropa chempionati tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi va Mishel Platinini ortda qoldirdi, g‘alabalar sonini 12 taga yetkazgan holda, Sesk Fabregas va Andreas Insestadan o‘zib ketdi. 

Agar Portugaliya chempionlikni qo‘lga kiritsa, Yevropa kubogini ketma-ket ikki marta qo‘lga kiritgan ikkinchi sardorga aylanadi (birinchisi - Iker Kasilyas).

Ronaldu va terma jamoa

“Yuventus”da o‘tkazgan muvaffaqqiyatsiz mavsumidan so‘ng, ko‘pchilik Ronalduning o‘yini pasayib ketganligini va bu yosh bilan bog‘liq ekanligini ta’kidladi. Biroq, uning o‘zi bu fikrlarga izoh bildirdi:

“Ha, men 5-10 yil avvalgi darajamda emasman, lekin biz o‘yindan o‘yinga sozlanib boramiz. Futbolchining eng kerakli jihatlaridan biri bu moslashish qobiliyatidir va men oldingiga qaraganda ancha yetukman. Agar futbolchi ko‘p yillar davomida o‘ynashni xohlasa, unga moslashishi kerak. Mening natijalarim shuni ko‘rsatmoqdaki, 18 yoshdan 36 yoshgacha sozlanish va moslashishni o‘rgandim, shu sabab har doim g‘alaba qozona oldim. Hamma narsani tuzatish mumkin. Men esa, shunday qildim”,- dedi rasmiy o‘yinlarda engko‘p gol kiritgan futbolchi.

Ronalduning gaplari to‘g‘ri: A seriyaning joriy mavsumida 33 ta o‘yinda 29 ta gol kiritib, eng yaxshi to‘purar bo‘ldi. 

Bu safargi Portugaliya turnirning asosiy favoritlari qatorida e’tirof etilyapti. Har bir chiziqda iste’dodli futbolchilar joylashgan.

O‘tgan yilning sentyabr oyida, Xorvatiya yirik hisobda mag‘lub etilgan edi. O‘sha kuni Ronaldu yo‘qligi uchun Bruno Fernandesh, Joau Feliks, Bernardu Silva va Diogo Jota o‘zlarini yorqinroq ko‘rsatishdi. 

“Murabbiyimiz Ronaldusiz o‘zgacha  o‘yin ko‘rsatishni iltimos qilmadi, barchamizning ambitsiyalarimiz bir xil. Jamoa ajoyib qadriyatlarga ega, ammo dunyodagi eng yaxshi futbolchi bilan birgalikda g‘alaba qozonish osonroq ekanligi aniq”,- dedi “Manchester Yunayted” futbolchisi Bruno Fernandesh Shvetsiya Ronaldusiz mag‘lub etilganidan keyin.       

Ronalduning “Yuventus”dagi kelajagi haqida bildirilgan bahs-munozaralar  portugal futbolchisining diqqatini umuman jalb qilmaydi, bor e’tibor Yevropa chempionatiga qaratilgan.

“Men ko‘p yillardan buyon yuqori darajada o‘ynab kelmoqdaman, bu meni g‘azablantirmaydi. Balki 18 yoki 19 yoshda bo‘lganimda bir necha kun uyqusiz o‘tirishim mumkin edi, ammo men 36 yoshdaman. “Yuve”da qolishim yoki boshqa klubga o‘tishimdan qat’i nazar, men uchun eng yaxshisini tanlayman. Hozir asosiy e’tibor Yevropa chempionatiga qaratilgan. Faoliyatimdagi beshinchi musobaqa bo‘lsa-da, birinchisida bo‘lganidek motivatsiyaga egaman”,- deydi futbolchining o‘zi.

O‘ziga xoslik

Ronaldu musobaqa davomida juda hotirjam ko‘rinyapti. U hattoki dunyoga mashhur brendlardan birining muhokama qilinishiga sabab bo‘ldi. Gap shundaki, futbolchi matbuot bilan suhbatlashish uchun kelganidan so‘ng, stol ustida turgan kolani chetga olib qo‘ydi va faqat oddiy suvni qoldirdi.

Ronaldu faoliyatida biror marta shakarli ichimliklar reklamalarida suratga tushmagan. Shuningdek, Ronaldu yoshligida “Manchester Yunayted” mashg‘ulotlariga kola bilan kelgani uchun jamoadoshi Rayan Giggzdan tanbeh eshitgan.

Santushga eng ko‘p xalaqit qiladigan va yordam beradigan futbolchi bu Ronaldu.  Chunki, u maydonda bo‘lgan paytda qolgan futbolchilar bosim ostida harakat qilayotgandek. Biroq maydondagi murabbiy sifatida undan foydalanib, qolgan futbolchilarga ko‘satmalarni singdirish osonroq. Balki Ronaldusiz o‘yin Portugaliyani chempion qilar...

Portugaliya terma jamoasi sardori, ehtimol, oxirgi marta Yevropa chempionatida ishtirok etayotgandir. Shunisi aniqki, faoliyatining so‘nggida o‘zini yana bir bor butun dunyoga eslatib qo‘yish uchun bor imkoniyatini ishga solishi aniq.

Ronalduning jamoadoshi Joze Fonte aytganidek: “U hali ham “o‘zga sayyoralik”. Undan buyuklikdan boshqa narsani kutmaslik kerak!”

Humoyun Oripov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

310

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing