Yevropa yangi urushga tayyorlanmoqda – NATOdan xavotirli bayonot
Olam
−
11 fevral 2022
18280So‘nggi paytlarda Ukraina-Rossiya mojarosi jiddiylashib borishi ortidan NATO xavotirli ogohlantirish bilan chiqdi. NATOga ko‘ra, Yevropa yangi urushga tayyorlanmoqda.
Bugun, 11 fevral kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning Ruminiya harbiy havo bazasi minbaridan turib bildirishicha, “Yevropada haqiqiy qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ladi”. Unga ko‘ra, Rossiya agressiyasiga qarshi turish uchun NATO Sharqiy Yevropada o‘z qudratini kuchaytiradi.
Bundan tashqari, NATO davlatlariga ko‘mak sifatida vaqtinchalik kiritilgan AQSH harbiy qo‘shinlarining Sharqiy Yevropada bo‘lib turish vaqti noma’lum muddatga uzaytiriladi.
Bosh kotibga ko‘ra, vaziyatni yumshatish borasida Kreml bilan olib borilgan diplomatik muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Shu bois G‘arb jiddiy urush xavfi ostida qolmoqda.
Hozirga qadar Ukraina bilan chegara hududlarida bir necha yuz minglab qo‘shin to‘plagan Rossiya, kecha, 10 fevraldan Yevropaga yaqin Belarus hududida 10 kunlik katta harbiy mashg‘ulotlarni boshlab yuborgan.
Boshqa tomondan esa, Moskva NATOni Ukraina xavfsizligini ta’minlash bahonasida Rossiyaning “burni tagiga tiqilib olish”da ayblamoqda.
So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi.
Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan.
LiveBarchasi