Yevropa va AQSH Eronni yadroviy loyiha bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga chaqirdi
Olam
−
04 fevral 2023
3888Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va AQSH Eronni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA)ning Fordo yadroviy inshootiga tegishli hisoboti chop etilishi munosabati bilan o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqirmoqda. Bu haqda AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati tomonidan kecha, 3 fevral kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytiladi.
Qayd etilishicha, davlatlar Eronni AEXA bilan kelishuviga ko‘ra xalqaro majburiyatlarga rioya qilish va Fordodagi yadroviy inshootda tegishli himoya choralarini ta’minlashda agentlik bilan to‘liq hamkorlik qilishga chaqirgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Yevropaning ushbu uch mamlakati va AQSH Eronning yadroviy kelishuv bo‘yicha majburiyatlar buzilgani haqidagi tushuntirishlarini qoniqarsiz deb topgan.
“Eronning mazkur vaziyat xatolik natijasi ekani haqidagi da’volari qoniqarli emas. Biz uning harakatlarini Eronning ayblovlari emas, balki AEXAning xolis va asosli hisobotlariga tayanib baholaymiz”, deyiladi bayonotda.
Hujjat mualliflari Eronning Fordo zavodida boyitilgan uran ishlab chiqarishi yadro qurolini tarqatmaslik rejimi uchun katta xavf tug‘dirishini va fuqarolik ehtiyojlari bilan izohlanmaganini ta’kidlagan.
AEXA ham Eronning Fordodagi yadroviy inshootidagi faoliyati Tehron o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga zid ekanini ma’lum qilgan. Xususan, agentlik bosh direktori Rafayel Grossi Eronning Fordodagi uranni boyitish zavodi loyihasi haqidagi ma’lumotlarga agentlikni oldindan ogohlantirmasdan yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarishga oid ma’lumotlarga jiddiy o‘zgarishlar kiritganidan xavotirdaligini bildirgan. Fordo yadroviy inshootidagi agentlikning kutilmagan tekshiruvi natijasida uranni 60 foizgacha boyitish ishlari amalga oshirilayotgani aniqlangan.
Eron Atom energiyasi tashkiloti matbuot kotibi Behruz Kamolvandiy esa xalqaro agentlikning Fordodagi zavodda uranni 60 foizgacha boyitish haqidagi hisoboti eskirgan ma’lumotlarga va agentlik inspektorlaridan birining noto‘g‘ri xulosasiga asoslanganini aytgan.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi