Yevropa sudi Ozarbayjon hukumatini jarimaga tortdi

Olam

image

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Ozarbayjon hukumati mulk huquqi buzilgani uchun 1,7 million yevro miqdorida tovon to‘lashi kerak degan qarorga keldi. Bu haqda “Voice of America” xabar berdi.

“Bagvanov va boshqalar Ozarbayjonga qarshi” sud ishining holatlariga ko‘ra, Baku shahrida “Qishki bog‘” qurilishi chog‘ida Baku shahar ijroiya hokimiyati rahbarining 2008 yil 24 sentyabr va 2011 yil 11 fevraldagi qarori asosida arizachilarning mulklari buzib tashlangan. U yerlarda yashovchilar esa boshqa joyga ko‘chirilgan.

Shahar hokimiyati rezidentlarga mulkining har kvadrat metri uchun 1500 manat taklif qilgan, biroq bu to‘lovlar ekspropriatsiya uchun kompensatsiya sifatida emas, balki oldi-sotdi shartnomasi sifatida ko‘zda tutilgan. Aksariyat aholi uylari buzilganidan keyin sotib olish shartnomasini imzolashga majbur bo‘lgan.

Keyinchalik ular oldi-sotdi shartnomasining noqonuniyligi va tovon puli olinmagani yuzasidan mahalliy sudlarga shikoyat qilgan bo‘lsa-da, sud ularning shikoyatlarini qanoatlantirmagan.

Arizachilar sudning adolatli o‘tkazilmagani va ularning mulkiy huquqlariga aralashilgani borasida shikoyat qilgan. 2022 yilda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi ushbu ish bo‘yicha qaror chiqardi va mulklarni musodara qilish “qonun hujjatlarida belgilangan shartlar”ga muvofiq amalga oshirilmaganini aniqladi hamda tomonlarga tovon to‘lash masalasini hal qilish uchun vaqt berdi.

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi kecha, 14 yanvar kuni e’lon qilgan qarorida hukumat 18 arizachiga moddiy va ma’naviy zarar uchun 1 million 744 ming 467 dollar tovon to‘lashi kerakligini ma’lum qildi. Endilikda Ozarbayjon hukumati jabrlanganlarga 3 oydan kechiktirmay pul to‘lashi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing