Yevropa Ittifoqiga vazifasini eslatib qo‘ygan Norov kim aslida?
Tahlil
−
28 aprel 2022
59507Xabaringiz bor, kecha, 27 aprel kuni 10 yildan buyon Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Abdulaziz Komilov lavozimidan ozod etilib, Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U 17 martdan buyon ko‘rinish bermay kelayotgan edi. O‘sha kuni Senatning yalpi majlisida qatnashgan Abdulaziz Komilov rasmiy Toshkent o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasini tan olmasligini, shuningdek Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Bundan keyin Komilov hech yerda ko‘rinish bermadi. Oradan 12 kun o‘tib, 29 mart kuni uning xasta ekani va xorijda davolanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Abdulaziz Komilovning salomatli, uning davolanishga aynan so‘nggi bayonotdan keyin ketishi ko‘plab savollarni va gap-so‘zlarni keltirib chiqardi. Hatto, Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birlashtirilishi mumkinligi haqida mish-mishlar bolaladi.
Komilovning o‘rni bo‘sh. Vazir tayinlanmagan. Biroq, kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Vladimir Norov Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va unga idorani boshqarish topshirildi.
Xo‘sh, kim o‘zi Vladimir Norov. Uning O‘zbekiston diplomatiyasida qanday o‘rni bor?
Yuridik fanlar nomzodi hisoblanmish Vladimir Imamovich Norov 1955 yil 31 avgustda O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri – Buxoroda tug‘ilgan.
Ta’lim
1972-1976 yillarda – Buxoro pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning matematika fakultetida ta’lim olib, bakalavr darajasini olgan.
1985 yilda SSSR Ichki ishlar vazirligi akademiyasi (Moskva) huquqni muhofaza qilish bo‘limining huquqshunos-tashkilotchisi mutaxassisligi bo‘yicha, 1990 yilda esa SSSR Ichki ishlar vazirligi akademiyasining aspiranturasini tamomlagan.
1990 yilda “Huquqni muhofaza qilish organlarida uchastka militsiya inspektorlarining mehnat jamoalari, jamoat birlashmalari va aholi bilan o‘zaro hamkorligining huquqiy va tashkiliy asoslari: O‘zbekiston SSR materiallari asosida” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Mehnat faoliyati
1976-1977 yillarda Sovet armiyasi saflarida harbiy xizmatni o‘tagan.
1978-1992 yillarda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida turli lavozimlarda;
1992 yildan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining ma’muriy-huquqiy masalalar bo‘yicha eksperti, 1993 yildan — maslahatchi;
1995-1996 yillarda – O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari;
1996-1998 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.
Davlat maslahatchisi lavozimidan so‘ng Vladimir Norov diplomatik faoliyat bilan shug‘ullangan.
Xususan, 1998-2003 yillarda O‘zbekistonning Germaniya Federativ Respublikasidagi favqulodda va muxtor yelchisi bo‘lgan.
2002-2003 yillarda – O‘zbekistonning Shveysariya Konfederatsiyasi va Polsha Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi;
2003-2004 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari;
2004-2006-yillarda – O‘zbekiston Respublikasining Belgiyadagi favqulodda va muxtor elchisi, O‘zbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqi va NATOdagi diplomatik missiyasi rahbari;
2006-2010 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri;
2010-2013 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari;
2013-2017 yillarda – O‘zbekiston Respublikasining Benilyuks mamlakatlari (Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg)dagi elchisi, O‘zbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqi va NATOdagi diplomatik missiyasi rahbari;
2017-2018 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori;
2019 yil 1 yanvardan 2021 yil 30 dekabrgacha – Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi;
2021 yil 30 dekabrdan – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Norovning Tashqi ishlar vaziri etib tayinlanishi (2006 yil) xalqaro hamjamiyatda O‘zbekiston tashqi siyosatining inqirozli davriga to‘g‘ri kelgan. Shu davrda G‘arb davlatlari 2005 yil 13 may kuni sodir bo‘lgan “Andijon voqealari” tufayli O‘zbekistonga juda ko‘plab iqtisodiy va siyosiy sanksiyalar (jumladan, qurol-yarog‘ embargosi)ni joriy etgan. Aynan Norovning vazir sifatida tayinlanishi oqibatida Yevropa Ittifoqi va NATO tomonidan O‘zbekistonga joriy etilgan sanksiyalar birin-ketin olib tashlangan.
O‘z navbatida, Norov davri Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda O‘zbekiston teng hamkor davlat sifatida ko‘rilishi bilan ham eslanadi. O‘zbekiston (sobiq) Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 2009 yil 14 sentabr kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo‘yicha komissari Benita Ferrero-Valdner bilan uchrashganida quyidagi jumlalarni ta’kidlab o‘tgan:
“Yana bir bor eslatib o‘tmoqchimanki, O‘zbekiston delegatsiyasi bu yerga hisob berish uchun kelmagan, ya’ni Yevropa Ittifoqi vaziyatni nazorat qilish huquqiga ega emas. Biz teng huquqli hamkorlar o‘rtasidagi muloqotda, ya’ni umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan muloqot tarafdorimiz”.
Bir paytlar O‘zbekistonning G‘arb mamlakatlari bilan munosabatlarida “muz”ni eritgan Vladimir Norov, endi 2022 yil 28 apreldan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi maqomi ostida bugungi dunyoda yuzaga kelgan keskin siyosiy vaziyatda yana O‘zbekiston manfaatlarini himoya qiladi.
Sardor Begalov
LiveBarchasi