Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga kiberhujumini qoraladi

Olam

image

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar rahbariyati Rossiya tomonining Ukrainaga qarshi kiberhujumlarini keskin qoraladi. Bu haqda YeI bayonotida so‘z boradi. 

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqida birinchi marta Rossiya Federatsiyasiga davlat sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblovlar qo‘yilgan. Bu safar Bryusselning bayonotida avvalgi "Rossiyaning hujumlari" iborasi o‘rniga "Rossiya Federatsiyasi" ishlatilgan.

Ittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel butun Hamjamiyat nomidan Kreml tomonidan urush boshlanishidan bir soat oldin Rossiyaning Ukrainaga qilgan kiberhujumini qoralaydigan deklaratsiya e’lon qilgan. 

“Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar xalqaro hamkorlari bilan birgalikda Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi Viasat tomonidan boshqariladigan KA-SAT sun’iy yo‘ldosh tarmog‘iga qarshi qaratilgan zararli kiberfaoliyatini keskin qoralaydi”, deyiladi deklaratsiyada.

Borrelning eslatishicha, kiberhujum Rossiyaning joriy yilning 24 fevralda Ukrainaga asossiz bostirib kirishidan bir soat oldin sodir bo‘lgan.

YeI vakiliga ko‘ra, kiberhujum Ukrainadagi bir qancha davlat idoralari, korxonalari va aloqa uzilishlariga sabab bo‘lgan, shuningdek Yevropa Ittifoqiga a’zo bir qancha davlatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

Ukrainaga uyushtirilgan kiberhujum Germaniyadagi 5800 shamol turbinasini boshqaruvchi modemlarni yopib qo‘ygan, shuningdek Fransiya, Italiya, Vengriya, Gretsiya va Polshadagi ba’zi bir kompaniyalarning mijozlari zarar ko‘rgan. 

Borrelning fikricha, bundan keyingi Ukrainaga, jumladan, uning muhim infratuzilmasiga qaratilgan kiberhujumlar “boshqa mamlakatlarga ham tarqalishi va Yevropa fuqarolari xavfsizligiga tahdid soluvchi tizimli oqibatlarga olib kelishi” mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

176

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing