Yevropa Ittifoqi Rossiyani Qozog‘istonga qo‘shin kiritgani uchun ogohlantirdi
Olam
−
06 yanvar 2022
41474Xabar berib borayotganimizdek, Markaziy Osiyodagi yirik davlat hisoblangan Qozog‘iston mamlakat tarixidagi eng dahshatli norozilik namoyishlarini boshidan kechirmoqda. Avvalida tinch namoyish sifatida boshlangan ommaviy harakatlar, hozirga kelib qonli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.
Jahon OAVlari markazida bo‘lib turgan mamlakat rasmiylarining ma’lum qilishicha, politsiya va aholi o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar natijasida har ikkala tarafdan o‘nlab odamlar halok bo‘lgan.
Bugun, 6 yanvar kuni Qozog‘iston markaziy televideniyesining xabar berishicha, mamlakatdagi yirik shahar hisoblangan Olma-otada ikki politsiya xodimi boshsiz holda topilgan.
Tahlikali vaziyat soyasida avvalroq shaharda internet bloklab qo‘yilgan edi. Buning natijasida esa vaziyat haqida atroflicha yoritib borish imkonsizligicha qolmoqda.
OAVning ma’lum qilishicha, birgina Olma-ota shahrining o‘zida minglab odamlar hibsga olingan, to‘rt yuzdan ortiq kishi jarohatlangan. Shulardan kamida 60 nafari olgan tan jarohati tufayli tibbiyot muassasasiga yotqizilib, jiddiy kuzatuv ostida ekani aytilmoqda.
Gaz narxining ko‘tarilishi ortidan boshlangan namoyishlar mamlakat birinchi prezidenti Nursulton Nazarbayevning hokimiyatdan butunlay ketishini talab qilgan qonli qo‘zg‘alonga ulanib ketgan.
Mamlakat bo‘ylab ikki haftalik favqulodda holatni joriy qilgan Prezident Qosim-Jomart To‘qayev izdan chiqqan vaziyatni bostirish maqsadida KXSHT (ODKB)dan yordan so‘ragan.
Bugun KXSHT qo‘shinlari Qozog‘istonga kirdi. Biroq, hatto Rossiyaning tinchlikparvar qo‘shinlari ham Qozog‘istondagi vaziyatni yumshata olmayotgani aytilmoqda.
Boshqa tomondan esa Qozog‘istonga qo‘shin kiritgan Rossiyaga nisbatan Yevropa Ittifoqi jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyani Qozog‘iston suverenitetini hurmat qilishga chaqirib, Moskvaning qo‘shni mamlakatdagi vaziyat fonida uning ichki ishlarida ishtiroki kuchayib borayotganidan xavotirda ekanini bildirgan.
LiveBarchasi