YeVRO-2020: Turnir qayerda va qanday o‘tkaziladi?

Sport

image

2020 yilning yozida bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionati futbol muxlislari uchun maxsus bo‘lib qolishi kutilayapti. Negaki, tarixda ilk bor ko‘hna qit’a chempionati bitta yoki ikkita davlatda emas, balki deyarli butun Yevropa bo‘ylab o‘tkaziladi.

Chempionatning dastlabki rejasiga ko‘ra, musobaqa 13 ta davlatdagi shaharlarda o‘tkazilishi kerak edi. Ulardan 12 shaharning har birida guruh bahslarining uchtadan o‘yini va nimchorak yoki chorak final o‘yinlarining bitta bahsi o‘tkazilardi. O‘n uchinchi shaharga esa yarim final va final o‘yinlari topshirilishi mo‘ljallangan.

Ammo yakuniy qarorga ko‘ra, YeVRO-2020 chempionati 12 shaharda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu borada musobaqani qabul qilishi kerak bo‘lgan Kiyev shahri yakuniy ro‘yxatga kiritilmadi. Bunga katta ehtimol bilan 2014 yilda Ukrainada sodir bo‘lgan Maydon voqealari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Umumiy miqdorda jami 19 stadion YeVRO-2020 ni qabul qilish uchun ariza topshirgan edi. Kiyevdan tashqari, Minsk, Sofiya, Quddus, Skope, Stokgolm va Kardif shaharlari ham yakuniy ro‘yxatdan tushirib qoldirildi.

YeVRO-2020 o‘yinlarini quyidagi shaharlar o‘z maydonlarida o‘tkazadi:

Amsterdam, Gollandiya: “Yoxan Kroyff Arena” stadioni
Bilbao, Ispaniya: “San-Mames” stadioni
Buxarest, Ruminiya: “Arena Natsional” stadioni
Budapesht, Vengriya: “Ferens Pushkash” stadioni
Glazgo, Shotlandiya: “Xempden Park” stadioni
Dublin, Irlandiya: “Dublin Arena” stadioni
Kopengagen, Daniya: “Parken” stadioni
London, Angliya: “Uembli” stadioni
Baku, Ozarbayjon: “Olimpiyskiy” stadioni
Myunhen, Germaniya: “Arena Myunhen” stadioni
Rim, Italiya: “Olimpiko” stadioni
Sankt-Peterburg, Rossiya: “Sankt-Peterburg” stadioni.

Har bir guruhdagi o‘yinlar uchun ikkitadan stadion ajratiladi. A guruhi bahslariga Rim va Baku mezbonlik qiladi. Musobaqaning ochilish o‘yini 2020 yil 12 iyunda Rimdagi “Olimpiko” stadionida o‘tkazilishi belgilangan.

V guruhi uchun Sankt-Peterburg va Kopengagen, S guruhi uchun Amsterdam va Buxarest, D guruhi uchun London va Glazgo, Ye guruhi uchun Bilbao va Dublin, F guruhi uchun Buharest va Myunhen shaharlari mezbon sifatida tanlangan.

Bundan tashqari, guruh mezbonligi topshirilgan davlat terma jamoalari saralashdan o‘tib, Yevropa chempionatida qatnashsa, ular o‘zlari mezbon bo‘lishi kutilayotgan guruhdan o‘rin oladi. Masalan, Italiya YeVRO-2020 da qatnashadigan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri A guruhidan o‘rin egallaydi. Rossiya esa V guruhiga joylashadi.

Ma’lumot uchun, turnirning yarim final va final bahslari Londonning “Uembli” stadionida o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

EVRO-2020

Baholaganlar

384

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing