Yevro-2020. Shon-sharafni orzu qilayotgan Angliya “muxlislar Daniyasi”ga qarshi nima qila oladi?

Sport

image

Yevropa chempionati asta-sekin o‘z yakuniga yetmoqda. Bugun, 7 iyul kuni yarim finalning ikkinchi uchrashuvida Angliya va Daniya o‘zaro to‘qnash keladi. Turnirning birinchi finalchisi allaqachon aniqlangan — Italiya, endi Roberto Manchini “Uembli” taxtida o‘tirib shogirdlariga kim raqiblik qilishini jim kuzatadi.

Angliya Yevro-2020 favoriti maqomiga ega bo‘lishiga qaramay, musobaqaning dastlabki qismini yaxshi tarzda o‘tkazmadi. Ha, birinchi davrada Garet Sautgeyt shogirdlari Xorvatiyadek jahon vitse-chempionlarini mag‘lub etdi (1:0), ammo o‘sha kuni “uch sherlar” jamoasi ko‘rsatgan futbolni chempionlik o‘yini deb bo‘lmasdi: golga aylanmaydigan zarbalar, noaniq paslar, markazdagi ishonchsizlik va minimal individualizm. Umuman olganda, ajralib turadigan jihat yo‘q.

Shotlandiya va Chexiyaga qarshi o‘yinlardan keyin ko‘plab muxlislarda “Bunday o‘yin ko‘rsatgan jamoa Yevropa chempionatini yutishi mumkinmi?” degan fikrlar tug‘ilgan bo‘lishi tabiiy. Muxlislarning shubhalarini statistika tasdiqladi: Angliya guruh bosqichidagi uchta o‘yinda atigi ikkita gol urdi. Hujum chizig‘ida Jeydon Sancho, Fil Foden, Rahim Sterling, Meyson Mount, Jek Grilish va Harri Keyn kabi futbolchilari bor terma jamoa uchun bu uyatli holat edi.

Nimchorak finalda Sautgeyt jamoasi Germaniya bilan to‘qnash keldi. Avvalgi o‘yinlarda bo‘lgani kabi to‘pni maydon markazida bir-biriga uzatish orqali raqibni qurolsizlantirib, pozitsion hujumlarda o‘z omadini sinab ko‘rdi. Jamoaning baxtiga ular buni ikki marta uddalashdi. Ammo shu kuni Angliya nemislardan yaxshiroq edi, deya fikr bildirish xato bo‘ladi.

Chorak finalda inglizlar Ukraina bilan o‘ynadi. Muhokama qilinadigan hech narsa yo‘q – 4:0 hisobidagi g‘alaba, ehtimol inglizlar Yevro-2020 musobaqasida birinchi marta o‘zlarining darajasini namoyish etdi.

Daniyaliklar guruh bosqichidagi birinchi o‘yinda Finlyandiyaga yutqazdi (0:1). Biroq, mag‘lubiyat Kristian Eriksen bilan sodir bo‘lgan dahshatli voqeaning soyasida qolib ketdi. Yaxshiyamki, barchasi o‘z o‘rniga tushdi. Ikkinchi turda Daniya Belgiyaga yutqazdi (1:2). Ikki turda ketma-ket mag‘lubiyatga uchragan jamoani, yarim finalga qadar yetib kelishini hech kim tasavvur qilmagan bo‘lishi mumkin.

Ammo Daniya terma jamoasi yig‘ilib, barcha tanqidchilarni sharmanda qildi. Kasper Xyulmand shogirdlari navbatma-navbat Rossiya, Uels va Chexiyani mag‘lub etib, hozircha Yevropaning eng yaxshi to‘rt jamoasidan biriga aylandi. 

Kadrlar holati

Terma jamoalar ushbu qarama-qarshilikka deyarli optimal tarkibda yaqinlashmoqda. Ukrainaga qarshi o‘yinda jarohat orttrib olgan Bukayo Sakaning bugungi ishtiroki aniq emas. “Arsenal” yarim himoyachisi jarohatini tiklay oldimi yoki yo‘q, hozircha aniq emas. Qolgan barcha futbolchilar asosiy tarkibda maydrnga tushishi mumkin. 

Daniyada ko‘zga ko‘rinadigan kadrlar muammosi yo‘q. Uchrashuvni terma jamoaning yetakchisi Kristian Eriksen o‘tkazib yuborishi ma’lum, u Finlyandiyaga qarshi guruh bosqichining birinchi tur o‘yinida yurak xurujidan so‘ng maydonni tark etgan, jamoadoshlarining baxtiga omon qoldi.

Tahminiy tarkiblar

Angliya: Pikford, Uoker, Stounz, Maguayr, Shou, Fillips, Rays, Foden, Maunt, Sterling, Keyn.

Daniya: Shmeyxel, Kristensen, Kyayer, Vestergor, Larsen, Xyoyberg, Deleyni, Mexle, Breytueyt, Dolberg, Damsgor.

Murabbiylar fikri

Garet Sautgeyt — Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi:

“Eriksenning yo‘qotilishi Daniya uchun katta zarba bo‘ldi. Ammo ular barchasini ajoyib tarzda yengib o‘tdi. O‘ylashimcha, hissiy to‘lqinni ushlab qola olishdi, ularning muxlislar bilan aloqasi yanada mustahkamlandi va bu ularga katta yordam berishi mumkin. 

Oldimizda biz hech qachon yutmagan kubok turibdi. Daniya Yevropa chempioni bo‘lgan, shuning uchun ularning statistikasi biznikidan yaxshiroq. Nazarimda, ba’zida muxlislar buni unutib qo‘yadi. Biz Yevropa chempionatida hech qachon finalga chiqmaganmiz, bizning futbolchilar muvaffaqiyat qozonishi uchun bugungidan yaxshi imkoniyat bo‘lmaydi”.

Kasper Xyulmand — Daniya terma jamoasi bosh murabbiyi:

“Bu raqib maydonidagi uchrashuvga o‘xshaydi, ammo uning o‘ziga xos jozibasi bor, shuning uchun biz o‘yinni intizor bo‘lib kutmoqdamiz. Tribunada odamlar bo‘lishidan, muxlislar maydonga qaytganidan xursandmiz. Stadionda Daniya istaydigan muhit bo‘ladi ,deb umid qilamiz.

Asosiy vazifamiz finalga chiqish. Ammo buni amalga oshirish qiyin vazifa ekanini bilamiz”.

Angliya  shu paytga qadar ikki marta 1968 va 1996 yilgi musobaqada ham yarim finalgacha yetib kelgan, chempionlik uyoqda tursin, hatto finalga chiqa olmagan. Biroq, tarixdagi ilk va yagona Jahon chempionligiga o‘z maydonida o‘tkazilgan musobaqada sazovor bo‘lgan. Garchi, Yevro-2020 musobaqasida rasmiy mezbon hisoblanmasa-da, qur’a natijasiga ko‘ra, Angliya barcha uchrashuvlarini Londonda o‘tkazyapti. 

Daniya Yevropa chempionatida raqibiga qaraganda yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etgan. Sababi, mamlakat terma jamoasi 1964 va 1984 yil o‘tkazilgan turnirning yarim finalida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, 1992 yilda Germaniyani taslim etib, chempionlikka erishgan. E’tiborli tomoni shundaki, chempion jamoaning darvozaboni o‘sha paytda Piter Shmeyxel edi. U hozirgi darvozabon Kasper Shmeyxelning otasi hisoblanadi.

Angliya va Daniya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan 00:00 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

61

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing