Yevro-2020 da kun o‘yinlari: “Uch sherlar” “Tartan armiyasi”ni jangga chaqirdi

Sport

image

Yevro-2020 musobaqasida 2-tur uchrashuvlari davom etyapti. Bugun, 18 iyul kuni Shvetsiya - Slovakiya, Xorvatiya - Chexiya va Angliya - Shotlandiya uchrashuvlari o‘tkaziladi. 

“Ye” guruhi: Shvetsiya – Slovakiya (18:00)

Shvetsiya guruhdagi asosiy favorit bilan o‘yinda ochko ishladi, biroq qolgan jamoalar bilan o‘yinlar oson bo‘lishini hech kim kafolatlamagan. Ispaniyaga qarshi o‘yinda darvoza daxlsizligini saqlab qola olgan Shvetsiya ushbu bahsni o‘zi uchun ko‘proq hujum qobiliyatlarini namoyish etish uchun imkoniyat deb biladi. Biroq, bu fikrni dastlabki turda Polshani mag‘lub etgan Slovakiyaga nisbatan ishlatish adolatsizlik bo‘ladi. Garchi Grjegorj Krixovyakning chetlatilishi yordam bergan bo‘lsa ham slovaklarning g‘alabasi jamoaning aqlli o‘yini hamda himoya va hujumdagi ishonchli harakatlari evaziga sodir bo‘ldi. Bugungi g‘alaba jamoaga pley-off yo‘llanmasini taqdim etadi.

So‘nggi 5 uchrashuvda Slovakiya Shvetsiyani mag‘lub etmagan (3 durang va 2 mag‘lubiyat).

“D” guruhi: Xorvatiya – Chexiya (21:00)

Angliyaga qarshi (0:1) o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng Xorvatiyaning yo‘qotadigani qolmadi. Raqib darvozasiga to‘p kiritish xorvatlar uchun “Axilles tovoni” hisoblanadi. Shuning uchun, murabbiy Zlatko Dalich 2018 yilgi Jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni egallaganidan beri 30 ta o‘yinda 29 xil tarkibni sinab ko‘rdi (kimlardir Abramovni yodga oldi-yov). Murabbiy Yaroslav Shilgavi hujumdagi kamchiliklarni Patrik Shik bilan to‘ldirdi. Aynan uning ikki goli evaziga Shotlandiya mag‘lub etildi. Ayniqsa, maydon markazidan kiritilgan ikkinchi gol turnirning eng chiroyli goli bo‘lishi mumkin. Shuningdek, musobaqa tarixidagi eng uzoq masofadan (49,7 m) kiritilgan gol sifatida qayd etildi. Biroq g‘alaba bir futbolchining individual harakatlari tufayli emas, balki aqlli taktikalar va aniq belgilangan o‘yin rejasi evaziga qo‘lga kiritildi.

Jamoalar shu kunga qadar 3 marta rasmiy maqomda o‘yin o‘tkazishgan. Chexlar Xorvatiya ustidan g‘alaba qozonmagan ( ikki durang va bir mag‘lubiyat) ammo bu tendensiyani bartaraf eta olishsa, muddatidan avval nimchorak finalga yo‘l olishlari mumkin.

“D” guruhi: Angliya - Shotlandiya (00:00)

Pol Gaskoynning unutilmas zarbasi tufayli “Uch sherlar”ning Shotlandiya ustidan qozonilgan Yevro-96 guruh bosqichidagi g‘alabasiga 25 yil to‘ldi. Bu ikki buyuk raqib yana “Uembli”da to‘qnash keldi. Garet Sautgeyt shogirdlari Xorvatiyaga qarshi o‘yindagi g‘alaba evaziga guruh favoritlari sifatida ko‘rildi, ammo “Tartan armiyasi” Chexiyadan uchralgan 2:0 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, kuchli qarshilik ko‘rsatadi. Ehtiroslar kuchayib borayotganligi sababli, ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuvdan avval xavfsizlik tizimlari ikki barobar kuchaytirilmoqda. Chunki, aksariyat holatlarda qaysi jamoa maydonida o‘tkazilmasin, o‘yindan so‘ng tartibsizliklar kelib chiqadi.

1872 yildan beri jamoalar rasmiy 114 ta uchrashuvda o‘zaro to‘qnash kelgan. 48 o‘yinda inglizlar, 41 tasida shotlandlar g‘alaba qozongan. 21 bellashuvda g‘olib nomi aniqlanmagan. “Uembli”da o‘tkazilgan so‘nggi 15 o‘yinda Angliya katta ustunlikka ega – 11-4. Bugungi g‘alaba “Uch sherlar”ga pley-off “chipta”sini muddatidan avval taqdim etsa, “Tartan armiyasi”ga keyingi bosqichga chiqish uchun umid baxsh etadi.

Humoyun Oripov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

35

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing