Yotoqxonalar qurish uchun Toshkentda yer yetishmaydi

Tahlil

Toshkentda yangi yotoqxonalarning kam qurilayotganiga poytaxtda bo‘sh yer ozligi sabab bo‘lmoqda. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari  Sarvarxon Buzrukxonov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Har bir davlat poytaxtida bo‘lgani kabi Toshkentda ham yer muammosi bor. Ishlab chiqarish o‘rni, talabalar soni kengayib borgani sabab, yer borgan sari muammo bo‘lyapti”, deydi Buzrukxonov.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi 563-son qaroriga muvofiq 2022-2025 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida 85 ta oliy ta’lim muassasalarida jami 91,2 ming o‘rinli 228 ta talabalar turar joylari barpo etish belgilandi. Qarorga ko‘ra, Toshkent shahrida 2022 yilning oxirigacha 11 ta TTJlar qurilishi kerak edi. Biroq, 2022 yilning 9 oyi ichida faqatgina bitta yangi yotoqxona qurilgan, xolos. 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati vazirlik qolgan uch oy ichida qaror talablarini to‘liq bajarishga ulguradimi, degan savolga ham javob berib o‘tdi.

“Biz bu yilgi jami 4400 o‘rinli 11 ta yotoqxonani foydalanishga topshira olmaymiz. Chunki Davlat xususiy sherikchiligi asosida tadbirkorlar kelishi kerak edi, lekin bunday bo‘lmadi. Keyin Prezident qarori bilan davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarning jozibadorligini oshirish maqsadida tadbirkorlarga mulkka egalik huquqining 22%i berildi. Natijada o‘tgan yili sentyabr oyidan may oyigacha birorta tadbirkordan taklif tushmagan bo‘lsa, maydan keyin 38 ta tadbirkordan tashabbus bildirildi”, deya javob berdi vazir o‘rinbosari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, jarayonlar kechikkani uchun ham bu yilgi 11 ta yotoqxona qurish talabini bajarishda kechikish bo‘ladi.

Vazir Abduqodir Toshqulov esa o‘rinbosarining gapini to‘ldirar ekan, Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosi baribir ta’minlanishiga va’da berdi.

“Yil oxirigacha o‘sha 11 ta yotoqxonaning 50%i qurib bitkaziladi. 50 %iga joylashadigan talabalarimizga esa biz boshqa yo‘llar bilan kasb-hunar maktablaridagi yotoqxonalardan foydalanib, ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, joy topib beramiz”, deydi Abduqodir Toshqulov.

Shuningdek, vazir ba’zi yotoqxonalarda talabalar turmaydigan xonalar ko‘pligi bois ularni qisqartirib, xonaga aylantirish bo‘yicha topshiriq bergan. Ayrim yotoqxonalarning tadbirkorlarga berib yuborilgan birinchi qavatini ham qaytarib olib, ularni ham talabalar yashashi uchun qulay joyga aylantirish reja qilinganini ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent shahrida tahsil oluvchi, yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalarning yarmiga ham Talabalar turar joylarida joy yetishmaydi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida kunduzgi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 157 mingdan ortiq talaba o‘qiydi. Ularning ko‘p qismi boshqa viloyatdan bo‘lgani uchun 82 ming 892 nafar talabaning yotoqxonaga ehtiyoji bor. Lekin poytaxtdagi talabalar turar joylarining quvvati faqat 35 ming 639 nafarga yetadi. Bundan kelib chiqadiki, Toshkent shahridagi yotoqxonalar ehtiyojning 43 foizini qondira oladi, xolos. 

Hozircha talabalarning 28 ming 148 nafari yotoqxonalarga joylashish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

44

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing