“Yetim qonun” mashmashasi. G‘aniyev yana UzAvtoMotors sabab ko‘pchilikka qarshi

Jamiyat

image

Bugun, 10 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilindi. Muhokama jarayonida esa deputat Doniyor G‘aniyev mazkur qonun loyihasini birdaniga uch o‘qishda qabul qilishni taklif qilib, uning bu fikriga qo‘shilmagani uchun boshqa deputatlarni UzAvtoMotors’ni qo‘llab-quvvatlashda aybladi.

Davlat rahbarining Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qarori bilan Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Iste’mol kreditini ajratish tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovar mahsulotlariga ham banklar va kredik tashkilotlari tomonidan kredit ajratilishi belgilangan. Bu qonun aholining turmush tarzi darajasini oshirishga xizmat qilishi, eng asosiysi ularga keng tanlov imkoniyatini yaratishda muhim rol o‘ynashi aytilmoqda.

Biroq, mana bir oydan buyon mazkur qonun loyihasining muhokamasi kechiktirilayotgandi. Shu sababli O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasi deputati Doniyor G‘aniyev boshqa deputatlarni Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonun loyihasini tezroq tasdiqlashga chaqirdi.

“Biz anchadan beri gapiryapmiz, monopoliyani cheklash, mamlakat ichki bozorida raqobatni rivojlantirish haqida gapiryapmiz. Bu qonunning qabul qilinishi mamlakatda raqobat muhitini yaratishda muhim rol o‘ynaydi. Kechikkan har bir kun esa o‘ylaymanki, jamiyatning ziyoniga ishlaydi. 
Shuning uchun men bu qonunni nafaqat birinchi o‘qishda, balki tezroq qabul qilish tarafdoriman. Mana boshqa qonunlarni ham konsepsiyasidan kelib chiqib, ikkinchi va uchinchi o‘qishga surib, baribir oxirida qabul qilyapmiz. Nima uchun ortga surish kerak, men buni tushunmayman”, dedi G‘aniyev. 

Qonun loyihasining 5-moddasi zalda o‘tirganlarda ayrim savollarni keltirib chiqargach, G‘aniyevning o‘zi javob berib, jismoniy shaxslarga ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarni realizatsiya qilish imkoniyatini berish maqsadida qonundagi tegishli moddadan tashkilot so‘zi olib tashlanayotganini ma’lum qildi.

“Bu qonun loyihasida ikki xil kredit haqida gap ketmoqda –moliyaviy iste’mol krediti, tovar iste’mol krediti. Moliyaviy iste’mol kreditida uchta tomon bo‘ladi –qarz beruvchi kredit tashkiloti, qarz oluvchi jismoniy shaxs va realizatsiya qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs. Bu qonun loyihasida uchinchi shaxs sifatida realisatsiya qilish imkoniyatini jismoniy shaxslarga ham berish maqsadida qonunning moliyaviy kredit tartibidan “tashkilot” so‘zini olib tashlangan”, deya tushuntirdi deputat.


Uning aytishicha, mazkur qarorning qabul qilinishi juda katta muammoning yechilishiga olib keladi. 

“Masalan, ikkilamchi bozorda avtomobil sotib olish uchun iste’mol kreditini ajratishda juda ham katta muammo bor. Fuqarolar hozirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy shaxsdan avtomobil sotib olomayotgani uchun o‘rtada yuridik shaxsdan foydalanishga, shu orqali avtomobil narxining ustiga yana 10% miqdorida qo‘shimcha to‘lov to‘lashga majbur bo‘ladi. Bunda agar avtomobilning o‘rtacha narxi 100 mln bo‘lsa, yana qo‘shimcha 10 mln avtomobil narxining oshishiga olib kelmoqda. Shuning uchun biz “tashkilot” so‘zini olib tashlab, “realizatsiya qiluvchilar” deya o‘zgartiradigan bo‘lsak, bu juda ko‘pchilikning og‘irini yengil qilishi mumkin”, demoqda G‘aniyev.


Shuningdek, u bu qonunni birinchi o‘qishda emas, balki ikkinchi, uchinchi o‘qishda ham birdaniga tasdiqlashni yana bir marta taklif qildi.
Biroq, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan deputat Jahongir Abdurasulov bu qonun loyihasining birdaniga uch o‘qishda qabul qilinishiga qarshi chiqdi va qonun loyihasining kechikishiga sabab sifatida undagi kamchiliklar ustida ishlanganini keltirib o‘tdi.

“Depututlarimiz ikkinchi o‘qishda ham qabul qilish haqida gapirishmoqda. Lekin, ikkinchi o‘qishda buning ozgina ishlanadigan joylari bor. Sababi qonun loyihasida elektron shalkda, iste’mol krediti beradigan tashkilotga yozma, elektron ariza berish talabi kiritilgan. Bu qanday bo‘ladi? Do‘kondan changyutkich olmoqchi bo‘lsangizu, unga bir hafta oldin sizlardan changyutkich olaman, deb ariza yozasizlarmi? Bu eski qonunda. Shuning uchun buni birinchi o‘qishda qabul qilib, ikkinchi o‘qishda kamchiliklarni to‘g‘irlasak”, degan “Milliy tiklanish” deputati.


Doniyor G‘aniyev esa unga javoban prezidentning bu haqida qaror qabul qilganiga to‘rt oy bo‘lgani, ikkinchidan, bu qonunni jamoatchilik juda katta umid bilan kutayotnanini sabab sifatida keltirdi.

“Boshqa qonunlarni ham vaqti kelsa ikkinchi, uchinchi o‘qishda birdaniga qabul qilib berganmiz. Bu yerda ikkinchi o‘qishda aynan nima o‘zgarishini tushunmayapman. Qonunning amaliy tahririda ham iste’mol krediti beruvchisini oldindan xabardor qilinishi belgilangan. Faqatgina yozma ogohlantirish o‘rniga elektron ogohlantirishni alternativ sifatida joriy etish qo‘shilmoqda, xolos. Bular yangilik yaratmayapti.
Bu qonunni tezroq qabul qilaylik, bir oy bo‘ldi axir. Bir moddali qonunni bir oyda ko‘ryapmiz. Eslatib o‘taman, 300 varaqli byudjet qonunini bir haftada ko‘rgandik. Qo‘limizdan kelarkan-ku?
Shunday ekan, nimaga bir moddali, odamlar uchun o‘ta manfaatli bo‘lgan qonunni ortga suryapsizlar? Men tushunmayapman", deya zaldagilarga yuzlangan u.

Bundan tashqari O‘zLiDep deputati Doniyor G‘aniyev ayrim qonunlarni juda tez, biroq aynan Iste’mol krediti haqidagi qonun loyihasini esa juda sekin ko‘rib chiqayotgani uchun boshqa deputatlarni UzAvtoMotors’ni qo‘llab-quvvatlashda gumon qildi:

“Kimning manfaati bor bu yerda? Yoki mahalliy ishlab chiqaruvchi [UzAvtoMotors – tah]ni qo‘llab-quvvatlayapsizlarmi?” 

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri Ismoilov Nuriddin Doniyor G‘aniyevni “koyib berdi” va boshqa barcha deputatlarni intizomga chaqirdi. Shuningdek, u qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga qoldirishni taklif qilib, shubu taklifga to‘rt deputat qarshi ekani, bir nafar deputat betaraf hamda yetti nafari ovoz bermagan bo‘lsa-da, ko‘pchilikning rozi ekanini inobatga olib qonunni ikkinchi o‘qish uchun boshqa kunga qoldirdi.’

Qonunchilik palatasining ushbu majlisini kuzatib borgan iqtisodchi Otabek Bakirov yana ortga surilgan “Iste’mol kreditini ajratish tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini “yetim qonun” deb atadi.

“Yetim qonun”ni qabul qilish yana kechiktirildi. Qonun loyihasini 2- o‘qishda ko‘rish keyinga qoldi. Doniyor G‘aniyev yana yolg‘iz.
Harfxo‘rlar qonun mohiyatiga umuman aloqasi bo‘lmagan “yozma yoki elektron” degan iborani ushlab olishdi. 
Bular o‘g‘ri oligarx va parazit monopolistlarning manfaatlarini ifoda etishi mumkin, lekin xalqning xohish-irodasini ifoda etmaydi”, deya izoh qoldirgan o‘zining Telegram sahifasida iqtisodchi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing