Yoshlarga muhim lavozimlarni ishonib topshirish davom etadi – Prezident

Jamiyat

O‘zbekistonda ko‘p yillar davomida mas’ul lavozimlarga tayinlovlarda asosan bir jihat – yosh, hayotiy tajriba e’tiborga olib kelingan. Shu bois ko‘plab mas’ul lavozimlarga yoshi katta, kamida 40-50ni qoralagan kishilar tanlab olingan. Hatto, yoshlar bilan bilan tashkilotlarni boshqarish ham sochiga oq oralaganlarga qolib ketgan edi. Shavkat Mirziyoyev iqtidorga keldiyu yoshlarning ham bag‘riga shamol tegdi. Buning yaqqol misoli sifatida 23 yoshida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Alisher Sa’dullayevni keltirish mumkin. Kuni kecha Sa’dullayev O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi v.v.b., shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, 2018 yil Vestminster universiteti talabasi Saidakbarxon Akbarov Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Prezident kecha, 31 avgust kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi yoshlar masalasiga alohida to‘xtaldi. 

“Hammamizga yaxshi ma’lumki, oldimizda katta siyosiy voqea turibdi. Shu yil dekabr oyida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Bu saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonni dunyodagi rivojlangan, demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarishda yana bir muhim amaliy qadam bo‘ladi.

Bu saylovlar butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning orzu-intilishlarini ifoda etib, ular uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi, deb ishonaman”, deydi davlat rahbari. 

Prezident bundan keyin ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni bilimli, yetuk mutaxassis qilib tarbiyalash va muhim lavozimlarni ishonib topshirish davlatning asosiy e’tiboridagi masalalardan biri bo‘lishini qayd etdi. 

“Bugungi kunda qancha-qancha bilimli, nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olgan, chet tillarni, zamonaviy boshqaruv usullarini yaxshi biladigan navqiron yoshlar hayotimizga kirib kelmoqda.

Ular bizning umidimiz, ertangi kunimiz. Shuning uchun yoshlarga keng yo‘l ochib berish, ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berish, ularga mas’ul lavozimlarni ishonib topshirish bundan buyon ham doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Aziz farzandlarimiz el-yurtimizning ana shunday yuksak e’tiboriga munosib bo‘lib, o‘z salohiyati bilan, milliy g‘oyamizga sadoqati bilan O‘zbekistonimizni butun dunyoga tarannum etishlariga ishonaman va bu yo‘lda ularga baxt va omad tilayman”.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

123

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing