Yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimi ishlab chiqilib, 28 ta hududda sinovdan o‘tkaziladi
Jamiyat
−
08 Oktabr 2020
4213Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Xotin-qizlar va yoshlar – aholining katta qismi, ijtimoiy masalalarning aksariyati ham ular bilan chambarchas bog‘liq.
Videoselektor yig‘ilishida xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha yangi ish tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.
Ma’lumki, mamlakatda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati, ya’ni “temir daftar” tuzilgan edi. Endi xuddi shuningdek har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantiriladi. Bu ro‘yxatlar “temir daftar”dan alohida bo‘ladi. Unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo‘lgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritiladi. Buning natijasida ular bilan tizimli, manzilli ish yo‘lga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimi Xatirchi tumani va Yangiyer shahri misolida muhokama qilindi.
Mutasaddilarga ushbu tizimning namunaviy shaklini ishlab chiqib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va har bir viloyatning bittadan shahar va tumanida, ya’ni 28 ta hududda sinovdan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Sektor rahbarlari va mutasaddi idoralar vakillariga har bir mahalladagi holatni o‘rganish, yoshlar va ayollar bilan birma-bir muloqot qilib, ehtiyojlarini, qiziqishlarini aniqlash hamda shu asosda manzilli choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
"Bundan keyin odamlarning uyiga borib, ishga muhtojlarni ishga joylashtirish tizimini yaratishimiz kerak. Endi qaysi joyda rahbarlar uyma-uy yurib, masalalarni hal qilsa, o‘sha joyda vaziyat o‘zgaradi. Eng asosiy maqsad – iqtisodiy barqarorlikdan natijadorlikka o‘tish", deydi Prezident.
LiveBarchasi