Yoshlar kitob o‘qimayapti deyishdan uyalishimiz kerak, avval ularga kitob beraylik – Javlon Javliyev

Intervyu

Yoshlar kitob o‘qimayapti deyishdan oldin ularga kitob berish kerak. “Qo‘rqma” romani muallifi Javlon Javliyev QALAMPIR.UZʼga bergan intervyusida bugun yoshlar kitob o‘qishi uchun yetarli sharoit yo‘qligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

“Ota-ona kun bo‘yi tirikchilik uchun tirishadi, mehnat qiladi va farzandiga kitob tutishga vaqti bo‘lmaydi. Otalar chetga ishlash uchun ketadi, onalar uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band. O‘z-o‘zidan xonadonlarga kitob kirib bormay qoldi. Qolaversa, 2006 yilgacha yaxshimi-yomonmi, O‘zbekistonda 17 000 ta kutubxonalar bo‘lgan. Biz bugun 17 000 ta kutubxonani yo‘qotdik. Hukumat qarori bilan 2006 yilda barcha kutubxonalar kollej kutubxonalari va axborot-resurs markazlari bilan birlashtirib yuborilgan. Oddiy kutubxonalarga hamma borishi va kitob o‘qishi mumkin bo‘lgan. Lekin u kollej kutubxonalari bilan birlashtirib yuborilganidan so‘ng, u qo‘riqlanadigan hududga aylandi. Hamma ham yurak yutib, u yerga kirib bora olmagan. Kollej ham 6-7 ta qishloqning o‘rtasida joylashgan. Avvallari esa qishloq kutubxonasi, kolxoz kutubxonasi, bolalar kutubxonasi bo‘lar edi. Men tug‘ilgan Qamashi tumani G‘ishtli qishlog‘ida 3 ta kutubxona bo‘lgan. Ularning har biri katta fondga ega edi. Bugun esa bitta ham yo‘q. Ularning barchasi ko‘chish jarayonida yo‘qolgan”, deydi Javlon Javliyev. 

“Qo‘rqma” romani muallifi so‘zida davom etar ekan, Sovet davrida nashr etilgan kitoblar mustaqillik yillari ayrim savodsiz kutubxonachilar tomonidan yoqib yuborilgani va bugun mahallalarda kitob o‘qish uchun sharoit yo‘qligini aytib o‘tdi. 

“Alisher Navoiyning ayrim asarlari “Yosh gvardiya” jurnalida chiqardi. Mustaqillikdan keyin bu kabi jurnallarni ayrim savodsiz kutubxonachilar uylariga olib borib, yoqishgan. “Sovet” so‘zi bilan bog‘liq nimadir ko‘rishsa, yoqaverishgan. “U balki yaxshi asardir”, deb o‘ylab ham ko‘rishmagan. Bu kitoblar xalqimizning puliga, mehnati evaziga kelgan edi. Hozir kitobxonlikni targ‘ib qilyapmiz, lekin mahallalarda kitob o‘qiydigan joyning o‘zi yo‘q. “Yoshlar kitob o‘qimayapti”, deyishdan uyalishimiz kerak. Biz ularga kitob beraylik. Men “Qo‘rqma” romanimdan keyin shuni angladimki, kitob o‘qiydiganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Biz ularga kitob berishimiz kerak”, deydi yozuvchi.

Javlon Javliyev bilan to‘liq intervyuni QALAMPIR.UZʼning YouTubeʼdagi sahifasida yoki quyidagi videopleyerda tomosha qilishingiz mumkin.

 

Sardor Ali Nurmatov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Javlon Javliev

Baholaganlar

29

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar