Yer sotilmaydi. “Shahidlar xotirasi” majmuasi qaysi pulga ta’mirlanadi?

Jamiyat

So‘nggi kunlarda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining e’tibori Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” majmuasi qurilish-ta’mirlash ishlariga qaratilgan. Taklif qilingan loyiha bo‘yicha hamma turli xil rakursdan fikrlar bildirmoqda. Uning majmua atrofidagi yerlar sotilishi hisobidan moliyalashtirilishi va qurilish-ta’mirlash ishlarini olib boruvchi “Mimar Group” MCHJning tendersiz tanlab olingani turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumki, “Shahidlar xotirasi” majmuasi qurilish-ta’mirlash ishlari uchun majmua yaqinidagi 3,7 gektar yer uchastkalari sotilishi va yerlar shahar hokimligi zaxirasiga beg‘araz taqdim etilishi belgilangan. QALAMPIR.UZ jurnalisti Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayevni qurilish-ta’mirlash ishlarining majmua atrofidagi yerlar sotilishi hisobidan moliyalashtirilishi va mablag‘ yetarli bo‘lmasa, majmuani rekonstruksiya qilish nega kerakligi masalasida so‘roqqa tutdi. 

“Shahidlar xotirasi” majmuasi qurilish-ta’mirlash ishlariga Toshkent shahar hokimligining mahalliy byudjetidan 20 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Ba’zi bir narsalar borki, ularni pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Hozir biz tariximiz to‘g‘risida gapiryapmiz. Tariximizda bunday qora kunlar bo‘lganini ham eslab turishimiz kerak”, deydi Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari.

Shu o‘rinda, jurnalist ushbu loyiha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi nazoratiga olinishi va jamoatchilikning buni talab qilishga haqqi borligini ta’kidladi. Furqat Mahmudxo‘jayev bu narsani so‘rash va talab qilib olish jamoatchilikning haqqi ekanini aytib o‘tdi. Hokim o‘rinbosarining ishonch bilan aytishicha, qurilish-ta’mirlash ishlari doirasida hech qanday yer sotilmaydi.

“Yer sotilmaydi. Aniq qilib yozishingiz mumkin: yer sotilmaydi. Buning o‘z tartibi bor: auksionga qo‘yiladi. Ushbu masala ilk marta ko‘tarilganda meni hayron qoldirgan jihati — “aynan shu joylar sotilib, mana shu joylar tanlanadi” deyishgani. Ko‘p masalalar jamoatchilikning fikridan kelib chiqib ixchamlashtirildi. Shundan so‘ng, albatta, mablag‘ sarflanishi ham kamayadi. Hali qayta hisob-kitob ham bo‘ladi. Mahalliy byudjet hisobidan ajratilgan mablag‘ (20 mlrd so‘m — tahr.) yetishi ham mumkin. Aks holda, auksionga murojaat qilinadi. Auksion nazarda tutilganda, shaharning xohlagan yeridan tushum bo‘lishi mumkin”, deydi u.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, qurilish-ta’mirlash ishlariga mahalliy byudjet hisobidan ajratilgan birlamchi mablag‘ ham yetishi mumkin.

Yer ajratish bo‘yicha yangi tartib joriy etilganidan so‘ng, xohlaymizmi yo‘qmi ba’zi yerlar baribir auksionga qo‘yiladi. Shahar baribir rivojlanib boradi: yangi qurilish va boshqa ishlar ham qilinishi kerak. Hozir bizda aniq hisob-kitob yo‘q. Aytib o‘tish joiz, bizga mahalliy byudjet hisobidan ajratilgan birlamchi mablag‘ (20 mlrd so‘m — tahr.) ham yetishi mumkin”, deydi Mahmudxo‘jayev.

QALAMPIR.UZ majmuada qurilish-ta’mirlash ishlarini olib boruvchi “Mimar Group” MCHJning tendersiz tanlab olingani masalasida MCHJ rasmiylaridan izoh olishga harakat qildi. Afsuski, ayrim savollarga javob olishning imkoni bo‘lmadi.


Maqola muallifi

Teglar

“Shahidlar xotirasi”

Baholaganlar

62

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar