Yopiq eshiklar ortidagi suhbat: Putin va Erdo‘g‘an nimalar haqida gaplashgani ochiqlandi
Olam
−
30 Sentabr 2021
11387Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Sochida muzokara o‘tkazgani haqida xabar bergandik.
Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov uchrashuvda nimalar haqida so‘z borganini ma’lum qildi.
“Bu juda konstruktiv, o‘z vaqtidagi va zarur, har ikki tomon uchun ham juda foydali bo‘ldi”, deydi Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat birinchi navbatda ikki tomonlama munosabatlar haqida bo‘lgan.
“Iqtisodiyotda davom etayotgan o‘zaro cheklovlarga e’tibor qaratildi. Bu, masalan, Turkiyada metallurgiya mahsulotlari, shinalarga qo‘llaniladigan qo‘shimcha import bojlari haqida. Prezident Putin janob Erdo‘g‘an bilan suhbatda bu mavzuni ko‘tardi”, degan Peskov.
Ta’kidlanishicha, Rossiya va Turkiya Prezidentlari kosmik sohadagi hamkorlikni, jumladan, turk kosmonavtining parvoziga tayyorgarlik masalasini muhokama qilgan.
“Ular kosmosdagi hamkorlik haqida gaplashdi. Turk kosmonavtini o‘qitish imkoniyati va boshqalar haqida. Prezident Putin ham bu haqda gapirdi”, degan Peskov.
Qayd etilishicha, Putin va Erdo‘g‘an Suriya bo‘yicha avvalgi kelishuvlarga sodiqliklarini, jumladan, Idlibdan terrorchi guruhlarni quvib chiqarish zarurligini ta’kidlagan.
“Afsuski, menda bu borada aniq ma’lumot yo‘q. Lekin mavzu haqiqatan ham muhokama qilingan. Oldindan erishilgan kelishuvlarga sodiqlik tasdiqlangan”, degan Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi.
Turkiyaning “Anadolu” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari matbuot uchun yopiq rejimda 2 soat 45 daqiqa suhbatlashgan. Putin uchrashuvda Suriya va Liviyadagi vaziyat bo‘yicha Turkiya bilan hamkorlikni yuqori baholagan. Shuningdek, Rossiya Prezidenti Erdo‘g‘anga “Turk oqimi” haqidagi pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildirgan.
LiveBarchasi