Yopiq eshiklar ortida Afg‘oniston haqida nimalar deyildi?

Jamiyat

Xabaringiz bor, bugun, 7 mart kuni Toshkentda Afg‘oniston bilan qo‘shni bo‘lgan mamlakatlar maxsus vakillarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston, Rossiya vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur majlisni O‘zbekiston Prezidentining Afg‘onistondagi maxsus vakili Ismatilla Irgashev ochib berdi va shundan so‘ng uchrashuvning asosiy qismi yopiq eshiklar ortida, ommaviy axborot vositalarining kuzatuvisiz davom ettirildi.

Muhokamalar mazmuni bilan esa uchrashuvdan so‘ng OAV uchun tashkil etilgan brifingda Ismatilla Irgashev gapirib berdi.

Uning aytishicha, bugungi yig‘ilish Afg‘oniston bilan qo‘shni bo‘lgan mamlakatlarning Tashqi ishlar vazirlarining o‘tgan yili aprel oyida Xitoyning Tunsi shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi uchrashuvidan so‘ng Tashqi ishlar vazirlari taklifi bilan amalga oshirilgan.

Unda Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shni mamlakatlar maxsus vakillarining kolsultatsiyalarini, o‘zaro fikr almashinuvini yo‘lga qo‘yish haqida qaror qabul qilgan.

“Albatta, sizni qiziqtirgan savol bu uchrashuvda qanday masalalar ko‘tarilgani, nima fikrlar almashilganidir. Avvalambor, biz Afg‘onistondagi vaziyatni o‘rganib chiqdik. Afg‘onistondagi gumanitar, iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat va albatta inson huquqlari, milliy ozchilikni tashkil qiluvchi millatlarning haq-huquqlarini, shuningdek, albatta ayollar va qizlar huquqlari – o‘qish, ta’lim olish va ishlash haq-huquqlari to‘g‘risida fikr almashildi.

Barcha Afg‘oniston bilan qo‘shni mamlakatlarning vakillari ayollarning haq-huquqini poymol qilmaslik, ularning ozodligini ta’minlash bu eng asosiy masalalardan biri ekanligini va shu bilan birgalikda Afg‘onistonning bugungi defakto hukumatini taqiqlarni olib tashlash va tezlik bilan ayollarga ozod ishlash imkonini qaytarib berishi kerakligini aytib o‘tdilar”, dedi Irgashev.

Uning ta’kidlashicha, majlisda ishtirok etgan 7 davlat vakillari Afg‘onistonning bugungi hukumatidan  xalqaro hamjamiyatning talablarini va shu bilan birga xalqaro jamiyatga afg‘on hukumati tomonidan berilgan va’dalarni bajarilishini talab qilgan.

Biroq ungacha umumiy miqdori taxminan 9,5 milliard dollarni tashkil etuvchi Afg‘onistonning xorijdagi muzlatilgan mablag‘lari tezroq qaytarilishi kerak. Aks holda qo‘shni Afg‘onistonda ochlikdan o‘layotganlar soni keskin oshishi mumkin.

“Oddiy afg‘on xalqini ushbu qiyin gumanitar sharoitda qo‘llab-quvvatlash Afg‘on xalqiga yordam berish va gumanitar yordamni yetkazishga biz alohida urg‘u berdik. Mana shu majlis davomida Afg‘oniston Markaziy bankining xorijdagi mablag‘larini ozod qilish va afg‘on xalqiga qaytarish hozirgi og‘ir iqtisodiy-ijtimoiy gumanitar sharoitda katta dastak bo‘lar edi, degan fikrni bildirdilar. Afg‘on Markaziy bankining, ya’ni afg‘on xalqining pulini qaytarish orqali maktabda ishlaydigan o‘qituvchilarning, davlat ishchilarining oyliklarini to‘lashga ishlatilishi va qiyin ahvolda qolgan aholini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi kerakligi haqida gaplashildi”, deya ta’kidladi O‘zbekiston Prezidenti vakili.

Bundan tashqari, majlis davomida hozirgi kunda Afg‘onistonda 25 millionga yaqin aholi och qolayotgani va ulardan 6 million nafari oziq-ovqatdan batamom mahrum bo‘lgani alohida eslatib o‘tilgan.

“Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro muzokara guruhini tuzish, ya’ni BMT shafeligidagi alohida muzokaralar guruhini tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. Uchrashuv qatnashchilari bu tashabbusni ijobiy qabul qildilar. Ular O‘zbekiston Prezidentining ushbu tashabbuslarini aprel oyining oxirida bo‘ladigan BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish Afg‘oniston masalasida muhim rol o‘ynaydigan asosiy mamlakatlarning maxsus vakillarini Nyu-Yorkka taklif qilib, Afg‘oniston masalasini hal etishda vaziyatni keskin ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun nima qilish kerakligi to‘g‘risida fikr almashishga taklif etmoqda. BMT Bosh kotibi bilan bo‘ladigan uchrashuv chog‘ida esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini har tomonlama bafurja ko‘rib chiqishini taklif etishdi”, degan u.

Qolaversa, uchrashuv qatnashchilari O‘zbekistonning oddiy afg‘on xalqiga ko‘rsatadigan dastagi va gumanitar yordamlarini qo‘llab-quvvatlashgan. O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Termiz shahrida tuzilgan ko‘p tarmoqli transport-logistika markazining faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan.

“Bugungi kunda mana shu xalqaro xab nafaqat Afg‘onistonga, balki mintaqaning, hatto jahonning barcha mamlakatlariga gumanitar yordam yetkazishga ixtisoslashgan alohida bir xalqaro xabga aylanib qoldi. Bu Xabdan hozirgi kunda BMTning har xil institutlari foydalanib kelmoqda. Ya’ni bu Jahon oziq-ovqat dasturi tashkiloti, Yunisef, BMTning Qochoqlar ishi bo‘yicha oliy komissariyatining vakolatxonalari, regional vakolatxonalari mana shu Xabdan foydalanib kelyapti va shuning uchun bu Xabni BMTning shafe’ligida faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro transport-logistik Tahminan bir hafta oldin Termiz shahrida Afg‘onistonda ishlayotgan jahon oziq-ovqat dasturining Afg‘onistondagi bosh vakili hamda Yunisefning Afg‘onistondagi bosh vakili va bu tashkilotlarning O‘zbekistondagi ofislari vakillari bilan Termiz shahrida bu Xab to‘g‘risida, Afg‘onitonga gumanitar yordamni ko‘paytirish to‘g‘risida fikrlar almashildi. Termizdagi uchrashuv davomida Termiz kargo-sentr Xabining hududida yangi katta hajmli angarning qurilish ishini biz boshlab berdik”, deya o‘z fikrida davom etdi Irgashev. 

Ma’lum bo‘lishicha, bu angar xalqaro transport-logistik Xabning hududida Butunjahon oziq-ovqat dasturi tashkilotining puliga va ularning tashabbusiga binoan qurilyapti va bu katta angar ham Afg‘onistonga, ham mintaqaning ko‘pgina mamlakatlariga gumanitar yordamni yetkazish yo‘nalishida foydalaniladi. 

“Afg‘oniston bilan qo‘shni mamlakatlar maxsus vakillarining bugungi uchrashuvi shuni ko‘rsatdiki, bu mamalakatlarning O‘zbekistonn, Tojikiston,Turkmaniston, Eron, Pokiston, Xitoy va Rossiya davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha yondashuvi, Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha ularning bergan baholari va Afg‘onistonda vaziyatni normallashtirish va unga iloji boricha tezlik bilan osoyishtalikni keltirish yonalishlari va uning tamoyillari to‘g‘risida hamfikr ekanliklarini yana bir bor namoyon etdilar. Men o‘ylaymanki, bu mamlakatlarning tashabbusi bilan Afg‘onistonda ijobiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish bo‘yicha biz o‘z ishlarimizni davom ettiramiz”, dedi Irgashev. 

Irgashevning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron, Pokiston, Xitoy va Rossiya qo‘shni Afg‘oniston o‘z va’dalarini bajaradi, boshqa mamlakatlarning hududiga tahdid qilmaydi, degan umidda!

“Biz umid bildirdikki, mana shu sa’y-harakatlarni, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini bugungi Afg‘oniston – Tolibon rahbariyati ham ijobiy baholab, bunga javoban ijobiy ildam qadamlar qabul qiladi. O‘z navbatida ular ichki va tashqi siyosatlarida yaxshi bir ijobiy ko‘rsatkichlarini ko‘rsatishadi, degan umidni bildirdik. Qo‘shni mamlakatlar mana shu defakto hukumati ya’ni muvaqqat hukumat o‘zining va’dalarini bajaradi, Afg‘oniston hududidan hech bir qo‘shni mamlakatga hamda boshqa uchinchi mamlakatlarning hududiga tahdid qilmaydi, terroristik tashkilotlarga o‘z hududida sharoit yaratib bermaydi, muvaqqat hukumat o‘ining va’dalarini bajargan holda Afg‘onistonda tinchlik-totuvlikni ta’minlaydi”, dedi u. 

Qolaversa, u Afg‘onistonda narkotik moddalarni ishlab chiqarish va tarqatish, unga qarshi kurashlarni yanada faolroq olib borish va shu bilan birga Afg‘oniston hududida xalqaro terroristik tashkilotlarning bo‘lmasligi va ularning faoliyatini olib borishga sharoitni qilib bermasligi bo‘yicha o‘z va’dalarini bajarib, Afg‘oniston kelajakda terrorizm va tahdidlardan holi mamlakatga aylanadi, degan umidda ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur uchrashuvda garchi Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lmasada Rossiya ham ishtirok etayotgani, uning bu uchrashuvda qatnashishdan maqsadi qandayligi haqida xalqaro sharxlovchi Abduvali Soyibnazarov gapirgan edi.

U Afg‘onistondan AQSH qo‘shinlari olib chiqilganidan keyin Rossiya “Tolibon”ga bevosita ta’sir ko‘rsata oladigan davlatlardan biriga aylangani, bundan tashqari Rossiyaning Markaziy Osiyoda harbiy, siyosiy va iqtisodiy ta’siri nihoyatda kuchli ekanini aytgan edi.


 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing