“YeOII a’zolikning ijobiy va salbiy jihatlari”. “Adolatchilar” kuzatuvchilikni ma’qul ko‘rishdi
Jamiyat
−
31 mart 2020
5238O‘zbekistonning YeOIIga kirish masalasi jamoatchilik tomonidan ko‘p bora muhokama qilindi. Kimdir bu ittifoqqa kirish kerak emas desa, yana kimdir bu ittifoq foydali ekanini aytmoqda. Hattoki, o‘z pozitsiyasidan qaytganlar ham bo‘ldi. Oxir-oqibat, bu masala mamlakatning yuqori minbari, davlat rahbari tomonidan ham tilga olindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu ittifoqqa a’zo bo‘lib kirmayotganini aytdi.
Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi videokonferensiya tarzida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Partiyaning matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda “Adolat” partiyasining fraksiyasi YeOII bilan hamkorlik bo‘yicha maxsus ishchi guruhining dastlabki xulosalari tinglagan. Unda komissiya ijobiy va salbiy jihatlar haqida quyidagilarni ma’lum qilgan.
Ijobiy jihatlar:
1. A’zolik YeOII davlatlaridagi migrantlar masalasida ayrim ijobiy natijalarni keltirib chiqaradi.
O‘zbekistonliklar ushbu davlatlarda patent olmasdan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar va pul jo‘natmalari hozirgi 4-5 mlrddan 7-8 mlrd AQSH dollariga yetishi kutilmoqda.
2. A’zo davlatlar bilan energetika sohasidagi hamkorlik yaxshi natija beradi, chunki ular gaz qazib olish va uni qayta ishlashda dunyoda yetakchi hisoblanadi.
3. Turizm sohasida ham katta imkoniyatlar ochiladi. Xalqaro yuk hamda passajir tashuvlari soddalashtiriladi.
4. O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi ortadi. Katta bozorga chiqish va o‘zining mahsulotlarini eksport qilish orqali ayrim tadbirkorlar faoliyati yanada kengayadi.
Salbiy jihatlar:
1. YeOIIga a’zo bo‘lish natijasida O‘zbekiston sanoati (avtomobilsozlik, oziq-ovqat, farmatsevtika va boshq) 2 mlrd AQSH dollari atrofida yo‘qotishga uchraydi.
2. YeOII davlatlari tashqi savdo siyosatini yetarlicha mustaqil muvofiqlashtirish imkoniyatiga ega emas.
3. YeOII oldindan belgilangan qoidalar orqali boshqariladigan va nizolar kelishilgan qoidalarga ko‘ra hal eta oladigan tashkilotga hali aylanib ulgurmagan.
4. YeOIIning eng asosiy a’zosi (Ittifoq iqtisodiy potensialining salkam 85 foizini tashkil etuvchi) Rossiya hozirgi kunda xalqaro sanksiyalar va bosim ostida.
Oxirgi 2 yilda rubl bir necha baravar qadrsizlangan. Ushbu mamlakat bilan bitta Ittifoq doirasida hamkorlikka kirishishning kelgusida bizning O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’siri mavjud.
Fraksiya yig‘ilishida deputatlar YeOIIga O‘zbekistonni a’zo bo‘lib kirishi natijasida vujudga keluvchi oqibatlarning dastlabki sarhisobiga tayangan holda hozircha faqat kuzatuvchi davlat sifatida kirishini maqullashdi.
O‘rganishlar davom etmoqda.
LiveBarchasi