YeIning oltinchi sanksiyalar paketi nimalarni taqiqlaydi?

Olam

image

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Rossiya Federatsiyasiga qarshi oltinchi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Bu haqda “Meduza” xabar bermoqda.

Ursula fon der Lyayen xonimga ko‘ra, yangi sanksiyalar paketi doirasida YeI Rossiyadan neft importiga taqiq qo‘yadi, “Sberbank” va yana ikki yirik Rossiya banki SWIFT’dan uziladi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi hududida Rossiyaning uchta yirik telekanali translyatsiyasi taqiqlanadi. Yevrokomissiya rahbari qaysi telekanallar ekaniga aniqlik kiritmagan.

Shuningdek, Yevrokomissiya rahbari yangi shaxsiy sanksiyalarni e’lon qiladi. YeI ma’lumotlariga ko‘ra, Buchada tinch aholini o‘ldirishda ishtirok etgan yuqori martabali zobitlar sanksiyalar ostida qoladi. AFP hujjat loyihasiga tayanib, Rus pravoslav cherkovi rahbari Patriarx Kirillga ham shaxsiy sanksiyalar qo‘llanilishi haqida xabar bermoqda.

“Endi biz Rossiya neftini [importini] taqiqlashni taklif qilmoqdamiz. Vaqti kelib Rossiya neftini bosqichma-bosqich to‘xtatamiz”, deb yozib qoldirdi fon der Lyayen Twitter sahifasida.

Diplomatik manbalar va Yevropa matbuotining xabar berishicha, Yevrokomissiya YeI davlatlariga olti oy ichida Rossiya xom neftini import qilishdan, 2023 yilda esa neft mahsulotlari importidan voz kechishni taklif qilgan. Tanker va quvur neftini rad etish uchun turli shartlar ham kutilmoqda. Bundan tashqari, Yevrokomissiya Vengriya va Slovakiya uchun istisno qilishga va ushbu davlatlarning butun sanksiyalar blokiga veto qo‘ymasligi uchun 2023 yil oxirigacha amaldagi shartnomalar bo‘yicha Rossiya neftini sotib olishga ruxsat berishga rozi bo‘lgan.

Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalar paketi Ukrainada urush boshlanganidan beri oltinchi sanksiyalar bo‘ladi.

Sanksiyalar kuchga kirishi uchun ular Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati elchilari tomonidan tasdiqlanishi kerak. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, bu bir necha kun davom etishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

259

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing