YeI Ukrainaga 600 mln yevro transh ajratdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 600 million yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratdi. Ushbu mablag‘lar favqulodda vaziyatlar paketining bir qismidir. Bu haqda “Bloomberg” agentligi xabar berdi.

Nashrning Yevropa Ittifoqi rahbariyatidagi manbalarga tayanib qayd etishicha, Rossiya bosqinchiligi davrida Ukrainaning favqulodda moliyaviy ehtiyojlarini qoplash uchun rasmiy Kiyevga 600 million yevro ajratish ma’qullangan.

Bu 2022 yil boshida qabul qilingan 1,2 milliard yevrolik favqulodda yordam paketining bir qismidir. Yevropa Komissiyasi chorshanba kuni jarayonni yakunlashi kutilmoqda. Rasmiykarga ko‘ra, mablag‘lar yaqin kunlarda o‘tkazilishi mumkin.

Avvalroq, Yevropa Ittifoqi mart oyi boshida Ukrainaga 1,2 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratish bo‘yicha memorandum imzolagan edi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.

Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.

Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.

AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi. 

9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.

6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi. 

7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

16

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing