YeI Xitoyning gigant loyihasiga qarshi kurashmoqchi
Olam
−
01 dekabr 2021
10225Yevropa Ittifoqi Xitoyning "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusiga raqobatchi bo‘ladigan global investitsiya loyihasi yaratishni rejalashtirmoqda.
Tahlilchilarning ma’lum qilishicha, loyihada raqamli texnologiya, transport, iqlim va energetika sohalari uchun aniq g‘oyalarni ishlab chiqadi. Bu reja G‘arbning Afrika va boshqa mamlakatlardagi Xitoy ta’siriga qarshi kurashish harakatlarining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda.
Ayni vaqtda Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlar, moliya institutlari va xususiy sektordan olingan milliardlab yevrodan qanday foydalanish mumkinligini o‘rganmoqda.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen joriy yilning sentyabr oyida Ittifoq holati to‘g‘risidagi nutqida: "Biz butun dunyo bo‘ylab tovarlar, odamlar va xizmatlarni bog‘laydigan sifatli infratuzilmaga sarmoya kiritmoqchimiz", degan edi.
Tahlilchilarning fikricha, Yevropa Ittifoqi tomonidan ilgari surilayotgan "Umumiy darvoza" (Global Gateway) loyihasi aynan Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi ta’sirini kamaytirish uchun o‘ylab topilgan.
“Bir makon, bir yo‘l” Xitoy tashqi siyosatining markaziy elementi bo‘lib kelgan: yangi yo‘llar, portlar, temir yo‘llar va ko‘priklarga sarmoya kiritish orqali savdo aloqalarini rivojlantirish vositasi hisoblanadi.
Strategiya Osiyo, Hind-Tinch okeani mintaqasi, Afrika va hatto Yevropa Ittifoqining G‘arbiy Bolqondagi eng yaqin qo‘shnilariga ham yetib keldi.
Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan “qarz tuzog‘i diplomatiyasi” deb ataladigan “yirtqich kreditlar” uchun vosita sifatida tanqid qilingan.
Yevropa Ittifoq Xitoy bilan kurashda transatlantik hamkorlari bo‘lmish AQSH va Buyuk Britaniya bilan hamkorlikka umid qilmoqda. Lekin Global taraqqiyot markazining katta ilmiy xodimi Skott Morrisning ta’kidlashicha, bu yerda umumiy manfaatlardan ko‘ra ko‘proq raqobatning kelib chiqish ehtimoli mavjud. Chunki o‘tgan yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan G7 sammitida AQSH o‘zining “Yaxshiroq dunyoni tiklang"( Build Back Better World) tashabbusini e’lon qildi.
Oxir-oqibat, "Bu ko‘plab brendlar bir-biri bilan to‘qnashadigan siyosiy maydondir", deydi Morris.
“Umumiy darvoza” tashabbusining muhim jihati shundaki, bu Xitoy bilan raqobat qilishdan ko‘ra, kapitalga muhtoj bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlarga foyda keltiradigan moliyalashtirishga erishish imkonini beradi.
Loyiha bugun, 1 dekabr kuni Kengash tomonidan ma’qullangach, uni Ursula fon der Lyayen taqdim etadi.
Doston Iskandarov
LiveBarchasi