YeI Qorabog‘da vaziyat keskinlashganiga munosabat bildirdi
Olam
−
04 avgust 2022
5035Yevropa Ittifoqi rasmiylari Qorabog‘dagi mojaro taraflarini zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatib, muzokaralarni davom ettirishga chaqirmoqda. Bu haqda Yevropa tashqi harakatlar xizmati bayonotida aytiladi.
"Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon va Armaniston qo‘shinlari o‘rtasida Lochin yo‘lagi atrofida hamda to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab boshqa joylarda sodir bo‘lgan jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiradi. Afsuski, bu to‘qnashuvlar allaqachon qurbonlar va jarohatlanganlar bilan yakunlangan.
Vaziyatni hal qilish yo‘llarini topish uchun keskinlikni pasaytirish, o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga to‘liq rioya qilish va ular asosida muzokaralar stoliga qaytish zarur”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 avgust kuni Ozarbayjon bilan to‘qnashuv chizig‘ida vaziyatning keskinlashishi oqibatida ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, yana 14 nafari yaralangan.
Tog‘li Qorabog‘ Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, ayni vaqtda vaziyat nisbatan sokinlashgan, Tog‘li Qorabog‘ kuchlari rossiyalik tinchlikparvar kuchlar bilan birga vaziyatni barqarorlashtirish ustida ish olib bormoqda. Rasmiy Yerevan Qorabog‘dagi voqealarga hozircha izoh bermadi.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilgani va Qorabog‘dagi qator tepaliklar nazoratga olinganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga bugun Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
LiveBarchasi