“Yegan og‘iz uyalar!” “Tashkent index”dagi talabalar “yig‘ishtirib olinyapti”mi?
Jamiyat
−
26 yanvar 2023
204572022-2023 o‘quv yili boshida Toshkent shahrida talabalar turar joylari yetishmasligi sababli Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev “Tashkent index” savdo majmuasining bo‘sh turgan do‘konlarini vaqtinchalik yotoqxonalarga aylantirib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga topshirgan edi. Yaqinda, ya’ni 16 yanvar kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning lavozimdan olinishi sabab unga tegishli bo‘lgan “Tashkent index”dagi talabalar ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan majburan chiqarib yuborilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Bugun, 26 yanvar kuni vazirlik – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirib, “Tashkent index”dagi talabalar majburan chiqarilmasligini bildirdi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, talabalarning boshqa yotoqxonalarga ko‘chirilayotgani noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.
“Xabaringiz bor, joriy o‘quv yili boshida “Tashkent index” savdo majmuasida talabalar vaqtincha turishlari uchun sharoit yaratilgan edi. O‘tgan davr mobaynida aksariyat oliy ta’lim muassasalari tomonidan talabalar turar joylarida qo‘shimcha yotoq o‘rinlari yaratilib, ko‘chish istagini bildirgan talabalar ko‘chirib o‘tkazildi. Shu kunlarda esa sovuq havo haroratida majmua yetarli sharoitga ega emasligi bois, ko‘chirish ishlari oliy o‘quv yurtlari talabalar turar joylarida ko‘proq qo‘shimcha bo‘sh o‘rinlari yaratilishi, aksariyatida yangi yotoqxonalar barpo etilishi hisobiga yanada
jadallashdi”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Ta’kidlanishicha, “Tashkent index”da qolishni xohlovchi talabalarni majburan chiqarib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Birgina Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ikki qavatli yotoq o‘rni tashkil etish hisobiga qo‘shimcha 139 o‘rinli, Toshkent davlat pedagogika universiteti tomonidan Oqtepa pedagogika kolleji talabalar turar joyida yangi 300 o‘rinli joy yaratilgan. Shu kabi boshqa oliy ta’lim muassasalari ham hozirda ichki imkoniyatdan kelib chiqib, qo‘shimcha o‘rinlar hozirlagan. Bundan tashqari, Toshkent davlat stomatologiya institutida 400 o‘ringa mo‘ljallangan yangi yotoqxona qurib, foydalanishga topshirildi”, deya qo‘shimcha qilgan vazirlik.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning oktabr oyida sobiq hokim Ortiqxo‘jayev hokimlikka tegishli binoni ham talabalar uchun yotoqxona qurishga berib yuborgan edi.
LiveBarchasi