Yashnobod hokimi o‘rinbosari va MT bo‘limi mudirining suhbati Toshkentdagi ko‘zbo‘yamachilikni fosh qildi (audio)
Tahlil
−
04 iyul 2019
26578QALAMPIR.UZ tahririyatiga poytaxt Toshkentdagi boshqaruv organlarining ko‘zbo‘yamachilik faoliyatini fosh etuvchi audionutq kelib tushdi. Eshitib ko‘rdik. Unda Yashnobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Zufarov va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Viloyat Akromovaning suhbatlaridan biri yozib olingan.
Bizga ushbu audionutqni yuborgan kishining ma’lum qilishicha, mamlakatda Prezident rahbarligida maktabgacha ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarga qaramay, Yashnobod tumanida mazkur tizimdagi holat hamon eski hammom, eski tosligicha qolmoqda. Xo‘sh, uning iddaosi o‘rinlimi? Quyidagi suhbatda barchasi aniq-tiniq bayon etilgan.
Viloyat Akramova: – Allo, assalomu alaykum, Sherzod Mirjalilovich, ishlaringiz yaxshimi?
Sherzod Zufarov: – Rahmat, ertaga barcha bog‘cha mudiralari, maktab direktorlari Tashselmashning oldi, bayroq ilingan joyga 7:45da kelib turishlari kerak bo‘ladi.
Viloyat Akramova: – Xo‘p bo‘ladi.
Sherzod Zufarov: – Eng asosiysi, bog‘cha mudiralariga shuni tayinlang, shu bugun bozor qilib, “svejiy produkt”larni omboriga qo‘yishsin, mehmonlar ketgandan keyin o‘zining uyiga olib ketaverishadi. Oshxonalarni yog‘ tushsa, yalagudek qilish kerak. Ular (tahr.: komissiya) oshxonaga kirayotgan ekan.
Viloyat Akramova: – Xo‘p bo‘ladi.
Yuqoridagi audionutqni tinglagan bo‘lsangiz, Yashnobod tumani hokimi o‘rinbosari buyruqboz obrazida, tuman MT bo‘limi boshlig‘i, “xo‘p-xo‘p”chi opamiz esa labbaychi “libos”ida ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi.
Bu audionutqdan bilish mumkinki, maktabgacha ta’lim muassasalarining omborxonalari tekshiruv kelsagina “svejiy produkt”alar bilan to‘ldiriladi. “Tekshiruvchi”lar ketgach, MTM mudiralari mahsulotlarni omborga qanday olib kelgan bo‘lsa, shundayligicha olib ketadi. Suhbatdan, maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasining ikkilanishsiz xo‘p bo‘ladi deb turishidan ko‘rinyaptiki, bu birinchisi emas. Buni Yashnobod tumani hokimi o‘rinbosari Sherzod Zufarovning gaplari ham tasdiqlab turibdi. “Barakalla”, deging keladi.
Janob hokim o‘rinbosari, tanangizga o‘ylab ko‘ring, jajji bolajonlarning rizqini qiyish yoki bo‘lmasa ularga ko‘z-ko‘z qilib keyin ombordan hammasini olib ketishga buyruq berish davlatga, Prezident olib borayotgan siyosatga xiyonat emasmi? Agar xiyonat bo‘lmasa, siz bunga qanday ta’rif berasiz?
Xo‘p, buyruqni hokim o‘rinbosari berdi ham deylik. Nega unga tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi “labbay” deyishi kerak. U bunga majburmi?
Shu savollarimizga javob olish maqsadida Yashnobod tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi Viloyat Akromova bilan bog‘landik. U audionutqdagi ovoz o‘zinikiligini bilish uchun QALAMPIR.UZ tahririyatiga keldi.
U o‘z ovozini tasdiqladi, shunday suhbat bo‘lib o‘tganini va bu suhbatni uning o‘zi Telegram orqali guruhdagi MTM mudiralariga yuborganini aytdi. Avvaliga bizning savollarimizni xushlamagan Viloyat Akromova “Maqsadingiz nima? Nega so‘rayapsiz? Bu oddiy hol, tragediya qiladigan masala emas”, dedi.
Mana, ahvol qayerga kelib qolgan. Ijtimoiy soha xodimlari, o‘qituvchilar, maktab direktorlari, shifokorlarlar, MTM tarbiyachilari va mudiralarini o‘z majburiyatidan tashqari bo‘lgan ishlarga jalb etish Prezident tomonidan nazoratga olinganiga, hatto, tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlov ham bevosita Maktabgacha ta’li vazirligi tomonidan amalga oshirilishiga qaramay, tumanlarda MTM mudiralari va Maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbarining hokim va uning o‘rinbosarlariga so‘zsiz bo‘ysinuvi davom etmoqda. Qo‘rquv, hadik, lavozimni, kresloni yo‘qotish qayg‘usi shu darajaga yetganki, ular ko‘zbo‘yamachilik ortidan davlatni aldashga ham tayyor. Buni esa oddiy hol deydi, tragediya emasligini uqtirishga urinadi.
Viloyat Akramova biz bilan suhbatda hokim o‘rinbosariga shu qadar yon bosdiki, go‘yo suhbatimiz farishta haqida bo‘layotgandek edi. U hokim o‘rinbosarining ombor deganini boshqacha talqin qilganimizni aytdi. Emishki, o‘zi ham “boylernaya” degan so‘zni aytolmasmish. (!) Bunga ishonmadik, ishonmaymizam-da. Biz uning qo‘l ostidagi xodimmidik yoki bog‘cha bolasimidik, “lapar”lariga o‘ynab ketsak. Aytishicha, hokim o‘rinbosari MTM mudiri xonasini nazarda tutib, ombor deganu biz uni noto‘g‘ri talqin qildik. “Pardozlash” ham evi bilanda!
Viloyat Akromovaning aytishicha, har bitta tuman kelgan “komissiya” oldida chiroyli chiqishga harakat qiladi. Mehmonni chiroyli kutib olish kerak ekan. Lekin bu ko‘zbo‘yamachilikdan kimga foyda? Jamiyatgami, tumangami, respublikagami? Nega haqiqiy ahvolni ko‘rsatishdan cho‘chiysiz. Ayting, nega? Shuncha yillik yo‘qotishlarimiz, ortda qolishlar sababchisi shu emasmi aslida?
“Chiroyli” kutib olish degani nima o‘zi? “Yuqori”dan bo‘lgan har qanday topshiriqni so‘zsiz bajarishmi, garchi u ko‘zbo‘yamachilik bo‘lsa ham? Yoki MTM mudiralari o‘z cho‘ntagidan bog‘cha omborini “svejiy produkt”lar bilan to‘ldirishiga aytiladimi “chiroyli” kutib olish deb? Xo‘sh, ular o‘sha mehmondo‘stlikning xarjini keyin qayerdan chiqarib oladi? Savollar ustiga savollar yog‘ilaveradi...
MTM mudirasi televideniye uchun omborxonani to‘ldirdi ham deylik. Ammo u sarflagan pulini qaytarish uchun bolajonlarning rizqini qiymasligiga kim kafolat beradi? Bog‘cha byudjetidan o‘g‘irlik qilmasligi, korrupsiyaga qo‘l urmasligiga-chi? Hech kim, takror aytish kerak, hech kim!
Ushbu audionutq bizga kelib tushgach, Yashnobod tumani hokimi o‘rinbosari Sherzod Zufarov bilan ham telefon orqali bog‘landik. Hokim o‘rinbosari shoshilmadi, oradan bir kun QALAMPIR.UZ tahririyatiga keldi.
Audionutqni eshitib ko‘rgan hokim o‘rinbosari ovoz o‘ziniki ekanligini tasdiqladi. U bilan suhbatimiz quyidagicha kechdi:
Sh.Zufarov: – Bu yerda dekoratsiya nuqtai nazaridan yondashilgan, kameraga chiroyli tushishi uchun.
Jurnalist: Bu ko‘z bo‘yamachilik emasmi?
Sh.Z.: – Ko‘zbo‘yamachilik emas, azaldan shunday an’ana, qadriyatlar bor, o‘zingizdan qolar gap yo‘q...
J.: O‘zingiz bergan topshiriqni to‘g‘ri deb hisoblaysizmi? MTM mudiralari topshiriqqa asosan “svejiy produkt”larni o‘z puliga olib kelib qo‘ysa, keyinchalik sarflangan pulini “chiqarib olish” yo‘lini qidirmaydimi?
Sh.Z.: – Falon narsa sotib ol, mana buni qo‘y deyilayotgani yo‘q. Mehmonlar kelganda kameraga chiroyli tushishi uchun, bir qop undan, bir qop bundan shart emas.
J.: – Tuman MT bo‘limi rahbariga bu kabi topshiriqlarni berishga haqqim bor deb o‘ylaysizmi?
Sh.Z.: – Yo‘q, albatta! Muammo, Hukumat tomonidan tayinlangan rahbarning “nekompetent”ligi (qobiliyatsizligi)da. Men buni MTM mudirlariga jo‘natmaganman-ku, men qo‘l ostimdagi odamga topshiriq beryapman. (!) U “zapis” qilib uni “gruppa”ga tashlayapti. Unga qarab qo‘ying degan maqsadda aytganman. Ma’nosi shuki, kameraga chiroyli tushishi uchun. Xatomiz shu.
J.: – Mahsulotlar, deylik o‘rik, olcha singari mevalar olib kelindi. Bolalar ko‘rdi, yegisi keldi. MTM mudirasi esa uni uyiga olib ketadi...
Sh.Z.: – Tasavvur qiling, xohlagan narsani tushunish mumkin. Omborxona haqida gap ketyapti-ku, kamera omborxonaga tushgan mahalda chiroyli bo‘lishi ma’nosida, o‘ylashimcha, ular omborga hech nima qo‘ymagan.
Yuqoridagi suhbatda hokim o‘rinbosari tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirini o‘z qo‘l ostidagi xodimi sanamoqda va bunga Akromovaning o‘zi sharoit yaratib bergan. Hokim o‘rinbosari esa bergan topshirig‘idan na uyalyapti va na xato qilganini tan olyapti. Maktab direktorlari, ijtimoiy soha vakillari, shifokorlar, MTM mudiralarining rasman va norasman hokim, hokim o‘rinbosarlari va “hokimchalar”ga bo‘ysunishi davom etmoqda. Ular qo‘rquv ortidan davlat va Prezidentni aldashga ham tayyorligi ko‘rinib turibdi.
Hokim o‘rinbosari ta’biriga ko‘ra ko‘zbo‘yamachilik "an’ana, qadriyat"ga aylanib ketgan. Qaranga, ko‘zbo‘yamachilik qadriyatga aylansa, dahshat emasmi?
Yozganlarimizni nafaqat yashnobodliklar, balki butun respublikadagi hokimlar, ularning o‘rinbosarlari, qolaversa ularga, norasman tobe bo‘lgan ijtimoiy soha xodimlari o‘qib xulosa qiladi, deb o‘ylaymiz.
Ko‘zbo‘yamachilik bilan hokimlarni xursand qilish emas, aksincha, o‘z ishini vijdonan, tanqidiy ruhda olib borib, Prezidentga yordam bergan odam ertangi kelajakning chinakam quruvchisi bo‘la oladi. Yo‘qsa, kelajak haqidagi o‘ylar shiorlarda, balandparvoz nutqlarda qolib ketaveradi. Mamlakat bu ketishda ko‘zbo‘yamachilik, yolg‘on va korrupsiya to‘ridan hali-beri qutulmaydi. Amaliy ish haqida o‘ylash, harakat qilish vaqti esa allaqachon yetib kelib, o‘tib ham ketdi. Qancha yillarni yo‘qotdik, yana qanchasini yo‘qotmoqchimiz?!
Prezident Shavkat Mirziyoyev uch yildan beri o‘zgaringlar, o‘zgaringlar, o‘zgaringlar deyapti. Nahotki, davlat rahbarining aytganlari dars bo‘lmayapti, da’vatlari kor qilmayapti! Bir yoqda hokim o‘rinbosari qilar ishni qilib o‘tirsayu, bundan uyalmasa. Bir tomonda tuman MT bo‘limi boshlig‘i uning yonini olib tursa...
Biz o‘zimizga ma’lum bo‘lganini sizga ulashdik. Biz bilmagan, eshitmaganlarimiz esa...
LiveBarchasi