“Yashashingiz shart!” Koreya Prezidenti aholidan o‘z joniga qasd qilmaslikni so‘radi

Olam

−

image

Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon mamlakat aholisini hayotdagi qiyinchiliklarga qaramay, yashashda davom etishga va zarur hollarda psixologlardan yordam so‘rashga chaqirdi. U bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

“Yashash kerak. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, yashashda davom etishingiz shart”, deya murojaat qildi Prezident.

Davlat rahbarining bayonoti mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari bo‘yicha yangi statistik ma’lumotlar e’lon qilinganidan keyin yangradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Janubiy Koreyada 14 144 kishi o‘z joniga qasd qilgan. Bu har 100 ming aholiga 27,8 ta o‘lim holati to‘g‘ri kelishini anglatadi. 2024 yilda esa mazkur ko‘rsatkich 29,1 tani tashkil etgan.

2026 yilning yanvar–iyul oylarida o‘z joniga qasd qilish holatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,3 foizga kamaygan. Jumladan, bunday holatlar soni 8 475 tadan 7 432 taga tushgan. Hukumat buni, asosan, moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq o‘z joniga qasd qilish holatlari kamaygani bilan izohlamoqda.

Shunga qaramay, Janubiy Koreya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ga a’zo davlatlar orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichi eng yuqori mamlakat bo‘lib qolmoqda.

Li Chje Myon hukumat yig‘ilishida umumiy ko‘rsatkichlar pasaygan bo‘lsa-da, yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib borayotganini ta’kidlagan. Prezident buning asosiy sabablari sifatida maktabdagi zo‘ravonlik va kamsitish, o‘qishdagi kuchli bosim hamda haddan tashqari raqobatni ko‘rsatgan. Ushbu muammoni hal qilish uchun yangicha va qat’iy choralar ishlab chiqish zarurligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya hukumati 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi dasturni ham tasdiqladi. Unga muvofiq, aholining psixologik yordam olish imkoniyatlari kengaytiriladi. Shuningdek, qarzga botgan, kambag‘allikda yashayotgan yoki jamiyatdan ajralib qolgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaytiriladi.

Hukumat 2030 yilgacha o‘z joniga qasd qilish oqibatidagi o‘limlar ko‘rsatkichini har 100 ming aholiga 18,9 tagacha kamaytirishni maqsad qilgan.

Marjona Mamaniyozova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing