Muddati o‘tgan tovarlarni sotganlik uchun yirik miqdorda moliyaviy sanksiya joriy qilinadi
Bu qiziq
−
19 may 2021
6072O‘zbekistonda yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdori moliyaviy sanksiya tayinlash taklif qilinmoqda. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.
Ko‘rilayotgan qonun loyihasida normativ-hujjatlar talablariga javob bermaydigan, yaroqlilik muddati o‘tgan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan, shuningdek qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari, ya’ni 12 250 000 so‘m miqdorida moliyaviy sanksiya qo‘llash ko‘zda tutilgan.
Mazkur moliyaviy sanksiya ma’muriy jarima qo‘llanilishidan qat’iy nazar tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan qo‘llaniladi.
Hozirda u Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan bir yil davomida yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotilishi holatlari bo‘yicha 157 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu holatlarning katta qismi Toshkent shahriga (94 ta) to‘g‘ri keladi.
Bunday nojo‘ya harakatlarga qarshi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasida sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etilgan.
Agarda qonun buzilganda, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasida iste’molchilarga bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, shu jumladan iste’molchilarni tovarning iste’molga oid xususiyatlari yoki sifati xususida chalg‘itish tufayli iste’molchilarga zarar yetkazish – huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish belgilangan.
Iste’molchi diqqatiga!
Mahsulot qadog‘ida uning ishlab chiqarilgan yili va oyi, tez buziladigan mahsulotlar, bolalar va parxezli ozuqalar uchun – kun va soati, ularni saqlash va iste’mol qilish yoki foydalanish shartlari keltirilgan bo‘lishi kerak.
Yuqoridagi ma’lumotlar "Sanitariya qoidalari va normalari “Oziq-ovqat mahsulotlarining saqlash sharoitlari va yaroqlilik muddatiga qo‘yiladigan gigenik talablar”ning 3.1.4-bandida keltirilgan.
Agar siz muddati o‘tgan mahsulot xarid qilgan bo‘lsangiz, mahsulotni qadog‘i ochilgan taqdirda ham do‘konga qaytarib berish huquqiga egasiz.
Bu haqida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 13-moddasiga muvofiq, agar iste’molchiga nuqsonli tovar sotilgan bo‘lsa, u o‘z xohishiga qarab tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish, tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish usullaridan birini tanlash huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Agar sotuvchi siz xarid qilgan mahsulotini qaytarib olishni rad etsa, siz 1159 qisqa raqamlari yoki @consumergovuz_bot telegram boti orqali Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilishingiz mumkin.
Durdona Pirnazarova
LiveBarchasi