Yaponiya 24 fevralda G7 sammitini o‘tkazishni rejalashtirmoqda  

Olam

image

Yaponiya joriy yilning 24 fevral kuni Ukrainada urush boshlanganining bir yilligiga bag‘ishlangan G7 (Katta Yettilik) sammitini onlayn tarzda o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 1 fevral kuni “Kyodo” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, G7’ga raislik qilayotgan Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida muzokaralarga Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni ham taklif qilishni ko‘rib chiqmoqda. Uchrashuvda tomonlar Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini saqlab qolish va Ukrainaga yordam ko‘rsatishni davom ettirish bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirishi kutilmoqda. Shuningdek, muzokaralar mavzulari orasida Ukrainada infratuzilmani tiklash va barqaror energiya ta’minotini ta’minlash ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, Kisida uchun G7 sammitini onlayn tarzda o‘tkazish joriy yilning may oyida Xirosimada guruh rahbarlarining yuzma-yuz uchrashuvini o‘tkazish oldidan muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘ladi. Chunki G7’dagi hamkasblari orasida faqat ugina Ukrainaga tashrif buyurmagan va Zelenskiy bilan uchrashmagan yagona yetakchi bo‘lib qolmoqda. Unga tashrif to‘g‘risida taklif berilgan bo‘lsada, Ukrainaga safar qilish xavfsizlik nuqtai nazaridan qiyin bo‘lishi sababli u hali bu tashrifni amalga oshirmagan. Shuningdek, Tokio va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi bir yil ichida keskin yomonlashgani ham bunga ta’sir qilgan.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning 24 fevralida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassga qo‘shin kiritgan edi. Shundan so‘ng G‘arb davlatlari ham Ukraina himoyasi uchun mamlakatga harbiy aslahalar jo‘nata boshlagandi. Mana qariyb bir yildirki davom etayotgan urush oqibatida hozirgacha taxminan 40 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yaponiya Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qilgan va unga ko‘ra Rossiyaga robotlar, radioaktiv materiallar, vaksinalar va tibbiy asboblar yetkazib berishni to‘xtatgan edi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing