Yangi Zelandiya bu safar Rossiyaning mudofaa tuzilmalarini “nishonga oldi”

Olam

image

Yangi Zelandiya hukumati Ukrainadagi vaziyat fonida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining 170 nafar a’zosiga va mamlakatning oltita mudofaa korxonasiga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qildi. Bu haqda TASS mamlakat Tashqi ishlar vaziri Nanaya Maxutaga tayanib, xabar berdi.

“Yangi Zelandiya rossiyalik siyosatchilar va [Rossiya Prezidenti] Vladimir Putinning Ukrainadagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi mamlakat mudofaa tuzilmalariga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilmoqda. Bu bilan biz bosqin uchun javobgarlarni ta’qib qilishda davom etish niyatimiz borligini ko‘rsatamiz”, deb tushuntirgan Maxuta hukumat saytida e’lon qilingan bayonotda.

Hujjatda aytilishicha, navbatdagi sanksiyalar paketi Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining 170 nafar a’zosiga va ro‘yxati hali taqdim etilmagan oltita mudofaa korxonasiga taalluqlidir.

Avvalroq, Yangi Zelandiya Rossiya Federatsiyasining 18 ta moliya institutiga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi. Ro‘yxatga Rossiya Markaziy banki, Milliy farovonlik jamg‘armasi, Alfa-bank, "Rossiya" va"Otkritiye" banklari, Qora dengiz taraqqiyot va tiklanish banki, Moskva kredit banki, Gazprombank, Genbank, sanoat jamg‘arma banki, Novikombank, Rosselxozbank kiradi. , Rossiya milliy tijorat banki (Qrim Respublikasining magistral banki), Sberbank, Sovcombank, SMP Bank, Vneshekonombank va VTB kiritilgan. Sanksiyalarga duchor bo‘lgan Rossiya fuqarolarining umumiy soni 400 nafardan oshdi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.

Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.

Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.

AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi. 

9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.

6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi. 

7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

116

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing