Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi ma’qullandi

Jamiyat

image

Bugun, 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda senatorlar tomonidan 1995 yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi va xususiy tadbirkorlik rivojlanishi jarayonida ish beruvchining mas’uliyatini, fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi, turli xil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olmasligi, shuningdek, ish beruvchilarga, xususan, qo‘shimcha ishchilarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan yetarli shart-sharoitlar yaratmasligi ta’kidlandi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar jumladan, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Estoniya Yaponiya, Janubiy Koreya hamda MDH davlatlari tajribasi chuqur o‘rganilgani qayd etildi.

“Mehnat qonunchiligi jamiyatning har bir a’zosi uchun dolzarb hayotiy ahamiyatga ega. Shu ma’noda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi juda muhim hujjat. Unda zamonaviy mehnat munosabatlari bilan bog‘liq barcha muhim jihatlar inobatga olingan. Mehnat erkinligi va majburiy mehnat tushunchalari xalqaro me’yorlar va tavsiyalarga (XMT) mos tarzda batafsil yoritilgan. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p bolali yoki nogiron bolalari bo‘lgan ota-onalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, bitiruvchilarga, harbiy xizmatdan bo‘shatilganlarga, jazodan ozod qilinganlarga, odam savdosidan jabrlanganlarga ishga joylashishda qo‘shimcha kafolatlar belgilangani e’tiborga molik”, deydi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Kodeks mehnat huquqining ayrim institutlariga bag‘ishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi yangi normalarni o‘z ichiga olgan.

Qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilinishi bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari muvozanatini ta’minlash, kichik biznes va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq etishni soddalashtirish, shuningdek, mazkur sohalarda yollanib ishlovchilar mehnatini huquqiy tartibga solish xususiyatlarini hisobga olish, Mehnat kodeksi qoidalarini xalqaro huquq normalari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga moslashtirishga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

126

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing