Yangi sovuq urush. Qarzga botgan AQSH dunyo tizginini Xitoyga berib qo‘yadimi?

Bu qiziq

image

“Xitoy geostrategiyasi bir vaqtning o‘zida ikkita maqsadni ko‘zlashi kerak: birinchisi, AQSH gegemonligi va uning kuchli siyosatiga qarshi turish. Ikkinchisi, yangi xalqaro siyosiy va iqtisodiy tartibni yaratish”.

Den Syaopin Xitoy rahbari (1981-1989)

1991 yilda Sovet Ittifoqining parchalanishi AQSHni dunyodagi yagona gegemon davlatga aylantirdi. Biroq, Qo‘shma Shtatlarning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. 90-yillarda Sharqda yangi bir gegemonlikka da’vo qilayotgan kuch paydo bo‘ldi. Sharq ajdahosi Xitoy, sotsializm va kapitalizmni o‘zaro birlashtirib, yangi bir imperiyaga asos soldi.

So‘ngi o‘ttiz yil davomida, Xitoy iqtisodining jadal suratda rivojlanishi uning siyosiy ta’sir doirasini anchayin kengaytirdi. Bugungi kunda Xitoy bilan savdo aloqalari tufayli Sharqiy Osiyo, Okeaniya va Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar tashqi siyosat borasida Pekinning ra’yiga qarashga majbur. Global siyosatdagi kuchlar muvozanatining bu tarzda Xitoy tomonga og‘ishi, dunyo birinchiligida turgan AQSHning hukmronligiga raxna soladi. Kim ham o‘zining issiq o‘rnini boshqa birovga bergisi keladi?

Bugungi kunda, ko‘plab siyosatchilar AQSH va Xitoy o‘rtasidagi raqobatni XX asr o‘rtalarida AQSH va SSSR orasida boshlangan “Sovuq urush”ga qiyoslaydi. Xo‘sh, bu urushda kim yutadi? Bugun AQSH-Xitoy urushiga yuqoridan nazar tashlaymiz.

AQSH tomonidan asrab olingan “o‘gay uka”

Bugungi Xitoy va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy urushni tahlil qilishdan oldin, ikki mamlakat orasidagi tarixiy munosabatlarga nazar tashlash zarur. Chunki Xitoy bunday ulkan qudratga AQSHning qo‘llab-quvvatlashi ortidan erishgan.

Xitoy-AQSH yaqinlashuvining ilk qadamlari 1969 yilda qo‘yilgan. 1968 yil 20 yanvar kuni Qo‘shma Shtatlarning 37-Prezidenti Richard Nikson barcha davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. O‘sha vaqtda Xitoy va SSSR o‘rtasidagi munosabatlar anchagina keskinlashib, hatto, chegarada to‘qnashuvlar sodir bo‘layotkan edi. 

Siyosatchilarda bir naql bor: dushmanimning dushmani – mening do‘stim. Xitoy rahbari Mao Szedun shu naqlga amal qilib, Sovet Ittifoqining ashaddiy dushmani AQSH bilan yaqinlashish siyosatini olib bordi. Pokiston vositachiligida Xitoy va AQSH o‘rtasida munosabatlar o‘rnatildi. 1972 yilda Prezidenti Richard Nikson rasmiy tashrif bilan Pekinga keldi. Amerika SSSR biqinida joylashgan Xitoyga ham iqtisodiy, ham harbiy tomondan yordam ko‘rsatishni boshladi. 

AQSH Chin iqtisodiyotiga katta investitsiya kiritdi. 1978 yilda Xitoy va AQSH o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1,1 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 1984 yilda bu ko‘rsatkich 7 milliard dollarga yetdi. Bu yildan-yilga o‘sib bordi.

Munosabatlarga darz ketishi

1989 yilda Pekinning Tyananmen maydonida bo‘lgan ommaviy namoyishlar Hukumat tomonidan kuch bilan bostirildi. Vashington Pekinni inson huquqlarini buzilganlikda ayblab, harbiy sohadagi hamkorlikni to‘xtatdi. Bundan tashqari, 1995 yilning yozida Tayvan Prezidenti Li Tengxuy Nyu-York shahridagi Kornell universitetiga tashrif buyurdi. O‘sha vaqtda XitoyTayvan bilan dushmanlik kayfiyatida bo‘lgani uchun, AQSH Hukumatiga jiddiy e’tiroz bildirdi. Bu tarixga “Tayvan inqirozi” nomi bilan kirdi. Oqibatda ikki davlat o‘rtasidagi ishonch iplari uzildi.

XXI asrdagi munosabatlar

Jorj Bush davri (2001-2009).

2000-2010 yillar oralig‘ida, AQSH va Xitoy o‘rtasida ham siyosiy, ham iqtisodiy qarama-qarshiliklar saqlanib qoldi. 2001 yilda hokimiyatga kelgan Amerikaning 43-Prezidenti Jorj Bush Xitoyni “strategik raqobatchi” deb atadi. U Pekinga dunyoga kim xo‘jayin ekanligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Bush o‘z chiqishlarida Xitoyni tiyib turish kerakligini bot-bot takrorladi. Aynan uning davrida (2001-2007) AQSH Xitoyga qarshi siyosiy qadamlar qo‘ydi. Xususan, 2007 yil Bosh vazir Dik Cheyni va Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe boshchiligida to‘rt mamlakat (AQSH, Hindiston, Avstraliya va Yaponiya)dan tashkil topgan “Kvartet xavfsizlik dialogi” (KXD – Quadrilateral Security Dialogue) nomli norasmiy ittifoq tuzildi. Bu ittifoqning asosiy vazifasi Xitoyning o‘sib borayotgan iqtisodiy va harbiy salohiyatiga qarshilik qilish edi. Shu vaqtdan boshlab Xitoy bir vaqtlar Rossiya bilan uzilgan aloqalarni qayta tiklashga kirishdi.

KXD vujudga kelishi bilanoq, a’zo mamlakatlar qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni boshlab yubordi. O‘z navbatida, Xitoy hukumati ittifoq a’zolariga e’tiroz bildirib, rasmiy bayonnoma e’lon qildi. Oradan bir yil o‘tib, Xitoy bilan savdo aloqalari yomonlashishini xohlamagan Avstraliya va Hindiston ittifoqdan chiqib ketdi.

Barak Obama davri (2009-2017).

2009 yilda Oq uyga kelgan Prezident Barak Obama (2009-2017) AQSHning iqtisodiy va harbiy resurslari katta qismini Osiyo mamlakatlariga yo‘naltirishni taklif qildi. Bu bilan AQSH tobora ta’sir doirasi kengayib borayotgan Xitoyning qanotini kesishni orzulagandi. Tabiiyki, bu Xitoyga yoqmadi.

Qo‘shma Shtatlar Xitoyda inson huquqlari poymol qilinayotgani haqida dunyoga jar solib, uyg‘urlar muammosini ko‘tardi. 

Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi harbiy salohiyatining kuchayishi AQSH va uning ittifoqchilarini xavotirga solib qo‘ydi. Sababi bu yerda Xitoy havo hujumidan mudofaa kuchlarining zonasini kengaytirib, harbiy-dengiz mashqlarini muntazam ravishda o‘tkazib bordi. Bundan tashqari, Xitoy sun’iy ravishda orollar yaratib, turli xil mudofaa inshootlarini qurdi. AQSH Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi faoliyatini doimiy ravishda tanqid qilib, uning harakatlarini neytral suvlarda suzish erkinligi to‘g‘risidagi xalqaro dengiz qonunchiligiga rioya qilish talablari bilan asoslab kelyapti.

Donald Tramp davri (2017-2021).

2017 yilda AQSHda hokimiyat tepasiga Donald Tramp keldi. U Xitoy rahbari Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qilganida, ikki davlatning rivojlanishi uchun mustahkam aloqa o‘rnatish niyatida ekanini aytdi. Biroq bir oy o‘tib, AQSH va Xitoy o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Bunga Tayvan rahbari Say Inven prezidentlik saylovida g‘alaba qozongan Donald Trampni qo‘ng‘iroq qilib tabriklashi sabab bo‘ldi. AQSH Prezidenti o‘zining Twitter’dagi sahifasida bunga javob shunday izoh qoldirdi:

 “Qiziq, AQSH Tayvanga milliard dollarlik harbiy texnika sotmoqda va nega men tabrik qo‘ng‘irog‘ini qabul qilmasligim kerak?”

2017 yilda Tramp to‘rt davlat rahbarlarini Xitoyning kengayib borayotgan ta’sir doirasini muhokama qilish uchun bir stol atrofiga yig‘di. Bu mashvaratga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Yaponiya Hukumati rahbari Sindzo Abe, Avstraliya rahbari Malkolm Tyornbull tashrif buyurdi. Ular o‘zaro kelishib, “Kvartet xavfsizlik dialogi” ittifoqini qayta tiklashdi. Muhokama hisobotiga ko‘ra, qayta tiklangan ittifoqning maqsadi Janubiy Xitoy dengizida Xitoyga harbiy va diplomatik qarshilik ko‘rsatish deb belgilandi. Shuningdek, ittifoqqa kelajakda Janubiy Koreya, Vetnam va Singapur kabi davlatlar ham qo‘shilishi ko‘zda tutildi. Tabiiyki, Xitoy ittifoq a’zolarini keskin tanqid ostiga oldi. Bir qancha siyosatshunos mutaxassislar KXD a’zolari va Xitoy orasidagi nizoni “yangi Sovuq urush davrining boshlanishi” deb atadi.

Diplomatik mojaro

2018 yilda AQSH-Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar biroz iliqlashdi. Tomonlar yangi savdo shartnomalari haqida kelishib oldi. Biroq, 2020 yilning boshida Qo‘shma Shtatlar va Xitoy qarama-qarshiligi yana alanga oldi. 2020 yilning boshida Koronavirus paydo bo‘lib, tezda butun dunyoga yoyildi. AQSH uning o‘chog‘iga aylandi. Prezident Tramp virus tarqalishida uning “vatani” Xitoyni aybladi. Bundan tashqari, Amerika Xitoyni ayg‘oqchilik, texnologiyalarni o‘g‘irlash, inson huquqlarini buzish(asosan uyg‘urlar masalasi)da tanqid qildi. Buning oqibatida vaziyat jiddiy tus oldi. Diplomatik mojaroni birinchi bo‘lib AQSH boshlab berdi. 2020 yil 21 iyul kuni Xyuston shahridagi Xitoy konsulxonasi yopilishi e’lon qilindi va xitoylik diplomatlarga u yerdan chiqib ketish uchun uch kun vaqt berildi. O‘z navbatida Xitoy ham Qo‘shma Shtatlar konsulxonasini yopti.

Xitoy hozirda dunyoning eng tez rivojlanayotgan mamlakati hisoblanadi. 2020 yilda mamlakatning yalpi ichki mahsulot (YAIM) ko‘rsatgichi 17 trillion dollarga (AQSHdan keyin 2-o‘rinda) yaqinlashib qoldi. U siyosiy jihatdan ham bemalol dunyoda yetakchilik maqomi uchun kurashish darajasiga yetib keldi. So‘nggi o‘ttiz yil davomida boshni aylantiruvchi iqtisodiy o‘sish tufayli ulkan kapital to‘pladi.

So‘ngi vaqtlarda Xitoy rahbari Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi munosabatlari anchayin jonlandi. Xususan, Putin Pekin qishki olimpiadasining ochilish marosimida qatnashib, Xitoy rahbari bilan uchrashdi. Bundan Rossiya-Xitoy birgalikda AQSHga qarshi kurashishni maqsad qilgan bo‘lsa ajab emas.

Urushda kim ko‘p zarar ko‘radi?

Xitoy Amerika tovarlariga keng miqyosli boykot e’lon qilsa, birinchi navbatdaNike, GeneralMotors, FordMotor, Tiffany&Cokabi brendlari zarar ko‘radi. Shu bilan birga, AQSH sanksiyalari Xitoyning elektron mahsulotlar eksport qiluvchi kompaniyalari, jumladan LenovoGroup va ZTEshirkatlarini yirik muvaffaqiyatsizlarga duchor qiladi. Mutaxasislarning fikricha, “yangi sovuq urush” davrida AQSH Xitoyga qaraganda ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin.

Amerikalik siyosatshunos Maykl Reygan AQSH-Xitoy o‘rtasidagi urush haqida shunday fikrbildirdi:

“Bizning butun iqtisodiyotimiz xavfli darajada Xitoy va uning zavodlariga bog‘liq. Uchinchi jahon urushi bir necha o‘n yillar oldin boshlangan. Biz Rossiyaga emas, Xitoyga qarshimiz va biz mag‘lub bo‘lyapmiz”.

XX asrning 90-yillarida Jahon bozorining 45 foizi ulushi AQSH hisobiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 15 foizga qisqargan. Bunga sabab Xitoy shiddat bilan dunyo bozorini o‘zlashtirayotgani. Kim ham o‘z o‘rnini boshqa birovga berishni istaydi?!Bugungi kunda AQSH Xitoyning qudratini cheklashga jon-jahdi bilan harakat qilmoqda. Toki demokratik tamoyillarni xushlamaydigan Xitoy kommunistik partiyasi Hukumatni boshqarar ekan, AQSH va Xitoy orasidagi qarama-qarshilik barham topishi haqiqatdan ancha yiroq. Ko‘rinib turibdiki, yaqin kelajakda iqtisodiy salohiyati yildan-yilga o‘sib borayotgan Xitoy va AQSH o‘rtasida jiddiy to‘qnashuv yuz berishi aniq. Lekin bu to‘qnashuv butun dunyo iqtisodini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

586

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing