Yangi lavozimga tayinlangan Komilov Qobulga bordi
Olam
−
19 iyun 2022
12243Bugun, 19 iyun kuni yaqindagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimini egallagan Abdulaziz Komilov Afg‘oniston poytaxti Qobulda mamlakat Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy bilan uchrashdi. Bu haqda “Tolibon” matbuot kotibi o‘rinbosari Ziyi Ahmad xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Ismatulla Irgashev ham bor.
Muzokaralarda savdo va tranzit sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish masalalari ko‘tarilib, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilingan.
“O‘zbekistonga afg‘onlar bilan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorligi uchun minnatdorlik bildiraman”, degan Muttaqiy.
Shuningdek, Muttaqiy Afg‘oniston bo‘yicha iyul oyi oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun taklif qilingan.
Bundan tashqari, “Tolibon” tomoni O‘zbekistonga Savdo vazirligi vakillari boshchiligidagi delegatsiyani yuborish istagini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Komilov joriy yilning 16 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimini egallagandi.
LiveBarchasi