Yangi koronavirusning “vatani” Uxanda maktablar ochilyapti
Olam
−
29 avgust 2020
57192019 yil oxiridan tarqala boshlagan yangi koronavirus infeksiyasining ilk o‘chog‘i Xitoyning Uxan shahrida joriy yilning 1 sentyabr kuni maktab va bolalar bog‘chalari qayta ochilyapti. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Kuzgi semestr boshlanganda shahar bo‘ylab 2 842 ta ta’lim muassasalari deyarli 1,4 million talabaga o‘z eshiklarini ochishi kutilmoqda. Uxan universitetlari dushanba kuni qayta ochiladi.
Ta’kidlanishicha, agarda xavf darajasi o‘zgaradigan bo‘lsa, onlayn o‘qitishga qaytish uchun favqulodda rejalar tuzilgan. O‘quvchilarga maktabga va uyga niqob taqib qaytish va iloji bo‘lsa jamoat transportidan foydalanmaslik tavsiya qilingan.
Maktablarga kasallikka qarshi vositalarni zaxiralash buyurilgan. Shuningdek, ular keraksiz ommaviy yig‘ilishlarni cheklashlari va har kuni sog‘liqni saqlash idoralariga hisobot topshirishlari kerak.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda 89 855 nafar odamda koronavirus aniqlangan. Ularning 84 417 nafari sog‘aygan va 4 718 nafari vafot etgan.
Ma’lumot o‘rnida,O‘zbekistonda yangi o‘quv yili 14 sentyabrdan gibrid shaklda boshlanyapti. Ota-onalar xohishiga ko‘ra, an’anaviy ta’limda o‘qishni istagan bolalar maktablarda, masofiviy ta’limni tanlaganlar uydan o‘qishi yo‘lga qo‘yiladi.
Rushanabonu Sultonova
LiveBarchasi