Yangi qozon va choynak. Toshqulovning yotoqxonaga tashrifi haqiqatdan “kutilmagan”midi?

Jamiyat

image

Bir necha kun avval Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Toshkent davlat texnika universitetining 54-talabalar turar-joyiga “kutilmagan” tashrif bilan borgan edi. Ijtimoiy tarmoqda ushbu tashrifdan olingan suratlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Gap shundaki, suratlarda talabalar “yangi qozon, yangi choynak va yangi jihozlar”i bo‘lgan xonalarda yashayotgani ko‘rsatilgan. Kecha, 26 noyabr kuni Oliy ta’limda “Korrupsiyasiz soha” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari Rahimjon Hakimov holatga oydinlik kiritdi.

“Yaqinda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri talabalar turar-joyiga tashrif buyurdi. Ijtimoiy tarmoqlarda “yangi choynak, yangi qozon” degan gaplar tarqaldi. Lekin vazir haqiqatdan kutilmaganda borgan. Vaziyat shunaqa bo‘lib qoldi. O‘sha yotoqxona oliy ta’lim muassasasining yaqinda foydalanishga topshirilgan yotoqxonasi bo‘lgan. Vazirning esa yangi binoga kirgan vaqti tushgan rasmlari ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan”, dedi Rahimjon Hakimov.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Toshqulovning yotoqxonaga tashrifi PR uchun bo‘lmagan. Vazirlik hamma yotoqxona yaxshi jihozlangan degan fikrda emas.

“Bu bilan biz hamma yotoqxona shunaqa jihozlagan yoki bu PR uchun qilingan degan fikrdan yiroqmiz. Bizda unday maqsad bo‘lmagan. PR uchun bo‘lganda, rasm bu ko‘rinishda bo‘lmasdi. Axir vazir ham atay yangi qozonni oldiga borib rasmga tushmaydi. Lekin tasodifan u kirgan yotoqxona yaqinda foydalanishga topshirilgan va yangi buyumlar bilan jihozlangan bo‘lgan”, deydi vazir o‘rinbosari.

U so‘zida davom etib, hozir boshqa yotoqxonalarning ham masalalari ko‘rilayotganini qo‘shimcha qildi. Vazirlar Mahkamasi bu haqda alohida qaror qabul qilgan. Unga ko‘ra, yaqin 5 yilda davlat xususiy sherikchilik asosida 90 ming o‘ringa ega bo‘lgan yangi yotoqxonalar quriladi. 

“Maqsadli dasturlar tasdiqlangan, hozir viloyat, shahar hokimliklari bilan birga yotoqxonalar qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, dedi Rahimjon Hakimov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

642

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing