Yangi qonun loyihasi: banklar 50 million so‘mgacha mikroqarz berishi mumkin
Jamiyat
−
04 fevral 2020
16185Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun, 4 fevralda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 iyuldagi “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Shuningdek, mikromoliyalashtirishning huquqiy bazasini takomillashtirish va hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning hayotiyligini ta’minlashga qaratilgan.
Deputatlar muhokamadagi qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Ularning qayd etishicha, mazkur hujjat loyihasi mamlakatda ushbu xizmatlarning sezilarli darajada kengayishiga yordam beradi.
Bu nima uchun kerak?
Xalq vakillarining fikricha, mikromoliyalashtirish qonunchiligini takomillashtirish eng yaxshi xorijiy amaliyotni tahlil qilishni taqozo etadi. Shu jumladan, masofadan turib xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini joriy etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar doirasini kengaytirish, aholida haddan tashqari qarz yuki shakllanishining oldini olish, aholining moliyaviy savodxonligini, moliyaviy ommaboplikni oshirish va mazkur xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish respublikada mikromoliyalashtirish sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlarning hozirgi bosqichdagi dolzarb yo‘nalishlari bo‘lishi lozim.
Qonun loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartishlar, deputatlar tomonidan qayd etilganidek, aholining va tadbirkorlik sub’ektlarining mikromoliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, to‘lov qobiliyatini oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ko‘rsatilayotgan mikromoliyaviy xizmatlar hajmining oshishiga yordam beradi.
Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Mazkur qonun loyihasi haqida deputat Rasul Kusherboyeva o‘zining shaxsiy Telegram sahifasida quyidagicha post qoldirdi:
“Tegishli qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, mikrokredit qarz oluvchiga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 300 million so‘mdan oshmaydigan summada (amaldagi tahrirda bazaviy hisoblash miqdorining ming baravari miqdori) to‘lovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida beriladigan pul mablag‘i ekanligi belgilanmoqda.
Mikroqarz banklar va mikrokredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga 50 million so‘mdan (amaldagi tahrirda bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdori) oshmaydigan pul mablag‘i, mikrolizing esa 600 million so‘mdan (amaldagi tahrirda bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming baravari) oshmaydigan summada berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Hukumat tomonidan kiritilgan ushbu qonun loyihasi aholining va tadbirkorlik sub’ektlarining mikromoliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, to‘lov qobiliyatini oshirish va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda ko‘rsatilayotgan mikromoliyaviy xizmatlar hajmining oshishiga yordam berishi ta’kidlangan.
Loyiha birinchi o‘qishda qabul qilindi. Qonun loyihasi Senatga yuborilgunga qadar deputatlar tomonidan uchta o‘qishda qabul qilinishi kerak”.
LiveBarchasi