Sharqiy Rim imperiyasining intihosi yoxud Konstantinopol egallanganiga 568 yil to‘ldi

Bu qiziq

image
0:00
0:00
download

Davlatchilik tarixida shaharlar o‘ziga xos o‘ringa ega. O‘tmish tarixdan ma’lumki, shaharlarning rivojlanishi, taraqqiyotdan dalolat berib kelgan. Shaharning yuksalishi bilan ijtimoiy-iqtisodiy hayot, ilm-fan va madaniyat hamda boshqa ko‘plab sohalar taraqqiy eta boshlagan. Bundan tashqari, shaharlar muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan. Strategik jihatdan qulay hududda joylashgan shaharlar esa har doim hukmdorlarning e’tiborini tortgan. 

Shunday strategik muhim geografik hududda joylashgan va taraqqiy etgan shaharlardan biri, O‘rta asrlarda “Oltin ko‘prik” nomini bilan mashhur bo‘lgan Konstantinopol shahri hisoblanadi.

Bundan roppa-rosa 568 yil oldin 1453 yil 29 may kuni Usmonli turk Sultoni Mehmed II Fotih Konstantinopol shahrini ikki oylik qamaldan so‘ng egallab, uni Istanbul deb nomlagan va Usmonli imperiyasining poytaxtiga aylantirgan edi. Bugungi maqolamizda aynan Konstantinopol shahrini Usmonli turklar tomonidan egallanishi haqida qisqacha so‘z yuritamiz.

Imperator Konstantin qurdirgan Konstantinopol

O‘rta asrlarda mashhur bo‘lgan Konstantinopol shahri Rim imperatori Konstantin I tomonidan 324-330 yillarda qurdirilgan hamda uning sharafiga Konstantinopol deb nomlangan. Bu shaharni “Yangi Rim”, “Ikkinchi Rim”, “Sharqiy Rim”, “Megapolis” (katta shahar), “Shaharlar  malikasi”, “Oltin ko‘prik” degan nom bilan ham mashhur bo‘lgan.

Sulton Mehmed II Fotih

1451 yilda Sulton Murod II G‘oziy vafot etdi. Taxtni uning 19 yoshli o‘g‘li Mehmed egallaydi. Yosh Sulton Mehmed II ni Yevropaning aksar hukmdorlari voyaga etmagan va qobiliyatsiz yigit deb hisoblashgan.

Musulmonlar uchun Konstantinopol va’da qilingan shahar edi. Islom e’tiqodiga ko‘ra, payg‘ambar Muhammad (s.a.v) bu shahar qulashi haqida bashorat qilgan. Mehmed II taxtga o‘tirgandan so‘ng, Konstantinopolni egallash hamda Usmonli imperiyasining poytaxtiga aylantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Buning uchun Sulton kechayu kunduz saroydan chiqmay Konstantinopolni egallash uchun rejalar tuzadi.

Konstantinopol shahrining joylashuvi

Konstantinopol shahri Marmar dengizi va Oltin Shoh qirg‘oqlarida joylashgan bo‘lib. Dengiz qirg‘og‘ida joylashgan mudofaa inshootlari shahar devorlari hamda qirg‘oqni dushmandan himoya qilgan. Marmar dengizi mudofaachilar uchun eng xatarsiz qirg‘oq hisoblangan. Chunki Marmar dengizining tez oqimi dushman dengiz kuchlarini quruqlikka tushishiga imkon bermas edi. Shaharning bu qismi VII asrda qurilgan bitta devor bilan himoyalangan bo‘lgan.

Urushga tayyorgarlik

Sulton Mehmed II Konstantinopolga harbiy harakatlar boshlanishidan oldin, venger to‘p ustasi Urbanni o‘z xizmatiga oladi. Urban sulton Mehmedga uch oy ichida “Bazilika” deb nomlangan ulkan zambarak yasab beradi. Bu ulkan to‘p o‘sha davr mo‘’jizasi edi. Ulkan zambarakning uzunligi 8 m bo‘lib, 1,6 km masofaga 270 kg og‘irlikdagi tosh to‘plarni uloqtirishga qodir bo‘lgan.

Qamalda qatnashgan Nestor Iskandar xotirasida shunday deb yozgan: “Ularning ikkita ulkan zambaraklari bor edi, o‘qlarning kattaligi biri tizzagacha, ikkinchisi esa belga qadar edi”. 

Ammo ulkan zambarakning bir nechta kamchiliklari bo‘lib, o‘qlash uchun uch soat vaqt ketgan.

1452 yil kuzida turklar Peleponnesga bostirib kirib, u yerni egallaydi. Sulton Mehmed II Frakiya sohilidagi barcha shaharlarni bosib olishni buyurdi. Shu orqali Sulton shaharni tashqi aloqadan uzib qo‘yishni reja qilgan edi. 1453 yil mart oyida Konstantinopol shahri devorlari yaqinida harbiy qarorgoh barpo etildi. Turklar 6 aprel kuni shaharni qurshab olishga kirishdi. Dastlab Sulton Mehmed II taslim bo‘lish taklifi bilan imperator Konstantin XI ga elchilar yuboradi.

Agar shahar taslim bo‘lsa, Sulton Mehmed aholining joni va mol-mulkini saqlashga va’da berdi. Imperator esa shahar taslim bo‘lmasligini bildirib, rad javobni yo‘llaydi. Natijada sulton shaharga hujum boshlashga buyruq beradi.

Sulton Mehmed II Konstantinopol shahrini dengizdan ham qurshab olish maqsadida, quruqlik yo‘li orqali turk kemalarini Oltin Shox ko‘rfaziga sudrab olib o‘tishni buyuradi. Bunga sabab shaharga olib boruvchi dengiz yo‘llari ulkan zanjir bilan to‘sib qo‘yilgani edi.  Sulton qo‘shini harbiy kemalarni balandligi 60 metr bo‘lgan tepalikdan olib o‘tib, Oltin Shox ko‘rfaziga tushirishga muvaffaq bo‘ladi.

26-27 may kunlari shahar devorlari qattiq o‘qqa tutiladi, 29 may kuni sulton qo‘shini hujum boshlaydi. Hujum vaqtida Andrianopol darvozasi ishg‘ol etiladi. Sulton Mehmed II aynan shu darvoza orqali Konstantinopolga bostirib kiradi. 

Turklar shaharni bosib olganlaridan so‘ng ko‘plab erkaklar va ayollarni Buyuk Konstantin ustuni yoniga to‘playdilar. Sababi nasroniy e’tiqodidagi bashoratga binoan, turklar bu ustunga yetib borishi bilan osmondan bir farishta tushib, qirollik toji va qilichini ushbu ustun yonida turgan bir insonga topshirishi aytilgan. Turklar shaharni egallashdi, lekin bashorat amalga oshmadi.

Sulton Konstantinopolni Usmoniylar imperiyasining poytaxtiga aylantirmoqchi bo‘lgani uchun shahar binolariga zarar yetkazmaslikni buyuradi. Imperator Yustinian zamonidan qolgan mashhur yodgorlik, Ayo Sofiya ibodatxonasi Sulton buyrug‘iga ko‘ra saqlab qolinadi. Keyinchalik bu ibodatxona Avliyo Sofiya nomi ostida sultonning asosiy masjidiga aylangan. Konstantinopol nomini esa Istanbul deb o‘zgartilgan.  

G‘arbiy Rim imperiyasi qulaganidan qariyb ming yil o‘tib, 1453 yilda Mehmed II Fotih Konstantinopolni egallab, imperatorlik toji va muhrini Vatikanga jo‘natdi. Shu tariqa sharqiy Rim imperiyasiga intiho yasaldi.

Sardor Ali Nurmatov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

260

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made