Yangihayotdagi 406 ta ko‘p qavatli uy buzilib, o‘rniga yangisi quriladi
Jamiyat
−
25 noyabr 2022
12787Toshkent shahri, Yangihayot tumani, Yo‘ldosh mavzesida joylashgan 4283 ta xonadonli 406 ta eskirgan va yaroqsiz holatdagi uylar buzilib, o‘rniga yangisi topshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining buni nazarda tutuvchi “Toshkent shahri, Yangihayot tumani, Yo‘ldosh mavzesida joylashgan avariya holatidagi va ma’nan eskirgan ko‘p kvartirali uylarni renovatsiya qilish orkali aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Unda qayd etilishicha, “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi ob’ektlarini qurish va saqlash direksiyasi buyurtmasi asosida “Kentsel Yenileme Merkeze” (KEYM) loyiha tashkiloti tomonidan Yangihayot tumanining bosh rejasi loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilgan
Toshkent shahri, Yangihayot tumani, Yo‘ldosh mavzesida joylashgan eskirgan yoki yaroqsiz ko‘p kvartirali uy-joy fondi xatlovdan o‘tkazilgan hamda instrumental o‘rganishlar natijasiga ko‘ra 4283 ta xonadonli 406 ta uy avariya holatida deb topilgan. Mazkur uy-joylarda yashovchi fuqarolar tomonidan uy-joy sharotini yaxshilash uchun yangi uy-joy qurib berish to‘g‘risida Toshkent shahar hokimligiga ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinishi kutilayotgan qaror loyihasiga muvofiq Toshkent shahar hokimligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022-2026 yillarda ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan ko‘p kvartirali uylar (keyingi o‘rinlarda – buziladigan avariya holatidagi uylar)ni buzib mulkdorlarni yangi uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida Toshkent shahri Yangihayot tumanida renovatsiya dasturini amalga oshirish (keyingi o‘rinlarda – Renovatsiya dasturi deb yuritiladi) to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi:
a) kompensatsiya to‘lash:
• birinchi navbatda – buziladigan avariya holatidagi xonadonda istiqomat qilayotgan mulkdorga quriladigan ko‘p kvartirali uylardan “foydalanishga tayyor holda topshirish” sharti asosida buzilgan xonadon maydoniga teng yoki undan kam bo‘lmagan kvadrat metrdagi xonadonni bepul ajratish;
• ikkinchi navbatda – mulkdorning yozma va notarial tasdiqlangan roziligi asosida buzilgan xonadon o‘rniga ikkilamchi bozordan xonadon maydoniga teng yoki undan kam bo‘lmagan kvadrat metrdagi xonadon olib berish;
• uchinchi navbatda – buziladigan uy-joyning mustaqil baholovchi tashkilot tomonidan aniqlangan qiymatini mulkdorga belgilangan tartibda to‘lab berish orqali amalga oshiriladi.
Bunda, mulkdorga yangi xonadon topshirilgunga qadar oila a’zolari bilan birga vaqtincha yashash uchun mos ravishda talabgor tadbirkorlik sub’ektlari o‘z mablag‘lari yoki buyurtmachi tashkilotlar orqali Toshkent shahar mahalliy byudjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan ijara shartnomasi asosida turar-joy ajratiladi va ijara haqi to‘lab beriladi;
b) buyurtmachi etib:
• tadbirkorlik sub’ektlari – avariya holatidagi uylar joylashgan hamda ularning mulkdorlariga tegishli bo‘lgan tutash yer uchastkasida uy-joylar qurilishiga tashabbus bildirgan va tanlov asosida aniqlab olingan tadbirkorlik sub’ekti;
• Toshkent shahar hokimligi xuzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injirining kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda – davlat buyurtmachisi) – avariya holatidagi uylar joylashgan hamda ularning mulkdorlariga tegishli bo‘lgan tutash yer uchastkasida uy-joylar qurilishida talabgor bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari mavjud bo‘lmagan hollarda.
v) moliyalashtirish:
• tadbirkorlik sub’ektlari buyurtmachiligida – o‘z mablag‘lari, jalb qilingan tijorat banklari kreditlari va qonun xujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
• davlat buyurtmachisi – Toshkent shahar mahalliy byudjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi;
g) renovatsiya hududlari:
uy-joy qurish uchun talabgor tadbirkorlik sub’ektlari mavjud bo‘lgan hududlarda – buziladigan avariya holatidagi uylar o‘rniga ko‘p kvartirali uyni qurib berish sharti bilan mulkdorlar, Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimligi hamda tanlov asosida aniqlangan talabgor tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida investitsiya majburiyati asosida uch tomonlama shartnoma rasmiylashtiriladi hamda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori bilan belgilanadi.
talabgor tadbirkorlar mavjud bo‘lmagan hududlarda – buziladigan avariya holatidagi uylar o‘rniga quriladigan yangi uy-joylar qurilishi davlat buyurtmachisiga Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori bilan belgilanadi.
d) buziladigan avariya holatidagi uylar o‘rnidan tashqari yoki mulkdorlarga tegishli bo‘lmagan boshqa hududda hududning ishlab chiqilgan bosh rejasiga muvofiq aniq quriladigan ob’ekt turini ko‘rsatgan holda mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida elektron- onlayn auksion orqali realizatsiya qilinadi.
Renovatsiya dasturi doirasida avariya holatidagi uylarni buzish ularning mulkdorlariga o‘rnatilgan tartibda belgilangan kompensatsiya qoplab berilganidan so‘ng ruxsat beriladi.
Renovatsiya xududida joylashgan ko‘p yillik qimmatbaho daraxtlar va butalarni saqlab qolgan holda hamda ularga zarur agrotexnik ishlov berish shartlarida qurilish ishlari amalga oshiriladi.
Avariya holatidagi uylar o‘rniga Toshkent shahar hokimligi tomonidan tasdiqlangan batafsil rejalashtirish loyihasi asosida quriladigan yangi uy-joylarda buziladigan avariya holatidagi uylarning mulkdorlaridan ortgan xonadonlar belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.
Bunda, mazkur ortgan xonadonlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 28 noyabrdagi PF-5886-son hamda “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 11 martdagi PF-6186-son Farmonlari bilan belgilangan va bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibidan foydalanishga ruxsat beriladi.
Tadbirkorlik sub’ekti tomonidan investitsiya kiritish bo‘yicha tuzilgan shartnoma shartlari bajarilmagan takdirda, renovatsiya hududini belgilash to‘g‘risidagi Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori bekor qilinadi.
Tashqi muhandislik kommunikatsiyalari – ichimlik suvi va irrigatsiya ta’minoti, kirish yo‘llari Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Renovatsiya hududlariga tashqi elektr energiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish va aloqa tarmoqlariga ulash – tegishlicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zbektelekom” AK tomonidan beriladigan texnik shartlar asosida, buyurtmachilarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga:
renovatsiya hududini belgilash;
renovatsiya dasturini amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlarini tanlov asosida aniqlash tartibi va shartlarini;
buziladigan avariya holatidagi uylar o‘rniga ko‘p kvartirali uyni qurib berish sharti bilan mulkdorlar, Toshkent shahar Yangihayot tumani hokimligi hamda tanlov asosida aniqlangan talabgor tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma namunaviy loyihasini tasdiqlash tavsiya etilmoqda.
Toshkent shahar hokimligi davlat buyurtmachisiga:
• renovatsiya dasturi doirasida eskirgan uylarda yashovchi mulkdorlarni ko‘chirish maqsadida, zarur transport va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga yaqin bo‘lgan Toshkent shahri, Yangihayot tumani hududidan yangi ko‘p kvartirali uylarni qurish uchun 20 ga yer maydoni ajratadi;
• renovatsiya hududining master rejasini (batafsil rejalashtirish loyihasi) hamda ichki va tashqi muhandislik tarmoqlari barpo etish loyihalarini ishlab chiqish uchun Toshkent shahar mahalliy byudjetining 2022 yil 4-chorak uchun belgilangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan 10 mlrd so‘m mablag‘ ajratadi;
• yangi ko‘p kvartirali uylarni loyihalash va qurish, obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirish uchun 2023-2026 yillarda Toshkent shahar mahaliy byudjeti qo‘shimcha manbalaridan mablag‘ ajratish hamda mahalliy byudjetning qo‘shimcha daromadlari hisobidan qoplash sharti bilan tijorat banklari kreditlarini jalb qilishga ko‘maklashadi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul etib belgilanadi.
Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov zimmasiga yuklanadi.
LiveBarchasi