Yana “O‘zavtosanoat” monopoliyasi kuchayadi…mi?

Tahlil

Monopol degan nomni hech kimga bermaydigan va raqobatni ko‘tara olmaydigan “O‘zavtosanoat” BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillari importini tartibga solish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi. 

Gap shundaki, O‘zbekiston hukumatiga “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasi tomonidan elektromobillarning mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega bo‘lmagani vaji bilan tartibsiz importni cheklash bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Bu Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida elektromobil va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi investitsiya shartnomasini tasdiqlash haqida”gi qarorida ma’lum qilingan. 

Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari hamda “O‘zavtosanoat” kompaniyasiga joriy yilning 1 iyuliga qadar Vazirlar Mahkamasiga BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillari importini tartibga solish bo‘yicha takliflar kiritish topshirilgan.

Bunda mas’ullar amaldagi qonunchilik hujjatlari, jumladan, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari hamda Jahon savdo tashkiloti prinsiplaridan kelib chiqib takliflarni tayyorlashi kerak.

Shuningdek, qarorda elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish quvvati bosqichma-bosqich yiliga 500 ming donagacha oshirilishi belgilangan.

Endi bu cheklovni o‘rnatish taklifini berayotgan kompaniyaga to‘xtalsak. Jizzax shahrida faoliyat olib boradigan "BYD Uzbekistan Factory" mas’uliyati cheklangan jamiyati 2023 yilning 23 yanvarida tashkil etilgan. Buni qarangki, bozorni tartibga solish bo‘yicha hukumatga taklif kiritishi kerak bo‘lganlar orasidagi “O‘zavtosanoat” AJ aynan elektromobillarni olib kirishni cheklashni taklif qilgan "BYD Uzbekistan Factory" MCHJning 60 foizlik ulushdori hisoblanadi. Ha, ha, to‘g‘ri tushundingiz, bu MCHJning 60 foizi o‘zimizning qora ko‘z, monopolist nomini olgan “O‘zavtosanoat”ga tegishli. Qolgan 40 foiz esa BYD Europe’ga tegishli. Kompaniya rahbari Alimov Shafkatbek Shavkatbekovich.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu MCHJ BYD elektromobillarini O‘zbekistonga olib kiruvchi yagona diler. Albatta, boshqa istalgan tadbirkor yoki fuqaro ham bu elektromobillarni olib kirish va sotish huquqiga ega. Maqsad esa aynan shu imkoniyatni cheklash aslida. 

Yodingizda bo‘lsa, shu yilning yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyning Shenchjen shahriga borib, yetakchi BYD kompaniyasi faoliyati bilan tanishgan edi. 

Tashrif chog‘ida Mirziyoyev kompaniya prezidenti Van Chuanfu bilan birga Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ham ishtirok etgandi. 

Prezident modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 300 ming donagacha oshirish zarurligini ham bildirgan. 

Bu rejalar amalga oshish arafasida chog‘i oradan ko‘p o‘tmay kompaniya “tartibsiz” importni cheklash bo‘yicha hukumatga murojaat bilan chiqdi. 

Shu kunlarda BYDning narxi Xitoyning o‘zida tushib ketgani haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Masalan, Cobalt narxiga ham qulay, ham tejamkor bo‘lgan BYD elektromobilini sotib olish imkoniyati bor. Deylik siz tadbirkorsiz. Agar bitta elektromobil O‘zbekistonga olib kirish xarajatlari bilan 25 ming AQSH dollariga aylanayotgan bo‘lsa, Xitoyning o‘zida narx tushishi oqibatida bu summa 20 ming AQSH dollari bo‘ladi. Ya’ni siz o‘zingiz kabi boshqa tadbirkorlar ham ichki bozorga elektromobil olib kirishini bilasiz va narxni ham insof bilan belgilaysiz. 

Agar yuqoridagi taklif amalga oshiriladigan bo‘lsa, bu narx-navo qanday belgilanishi bizga qorong‘i. Kompaniya tadbirkorlarni qatordan chiqarmoqchi ekani, MCHJning 60 foizlik ulushi “O‘zavtosanoat”ga tegishliligi va eng asosiysi “O‘zavtosanoat”ning monopol kompaniya ekanini hisobga olsak, BYD olib kirish ham monopoliya qilinadi va narxlari aniq belgilanib, yildan yilga oshib boradi. Albatta, buni vaqt ko‘rsatadi.

Bu taklifning kiritilishiga jamoatchilik faollari jim turgani yo‘q. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev BYD ham O‘zbekistonda monopoliya o‘rnatmoqchi ekanini yozmoqda.

“BYD kompaniyasi hukumatga murojaat bilan chiqibdi. Shu bizda nima qilishsayam oxiri borib monopoliyaga aylanib qolaveradi-ya. "UzavtoMotors"ning xalq ustidan kulishiga endi BYD ham qo‘shilishini odamlarimiz qanday qabul qilisharkin?

Demak, oldinda bizni tanlovsiz holda sifatsiz, ba’zi detallari yo‘q elektromobillarga oldindan pul to‘lab, yarim yillab kutish kabi kulgili shartlar kutib turibdi”, deb yozgan Kusherboyev.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa “O‘zavtosanoat” raqobatni mutlaqo istamasligini aytmoqda. 

“O‘zbek monopolistlari, oligarxlari va “chinovnik”larini nima birlashtirib turadi, bilasizlarmi? Ularning hammasi raqobatdan haddan tashqari qo‘rqadi. Chunki raqobat ularning aslida kim ekanini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yadi. “O‘zavtosanoat”, albatta, bu ro‘yxatdan istisno emas. 

“O‘zavtosanoat” BYD bilan elektromobil ishlab chiqarish hamkorligi boshlangandayoq bu xavotirlarni bildirgan edik. Shu ma’noda “mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashtirilmagani hamda rasmiy kafolatga ega bo‘lmagani uchun tartibsiz importni cheklash” ko‘rinishidagi jimjimador formulirovkaning BYD avtomobillarining importini faqat “O‘zavtosanoat” va uning shu’balari yoki kelishib olingan oligarxlar amalga oshiradi, degani. 

“O‘zavtosanoat” nazaridagi "tartibli import" bu Xitoyda 10 ming dollar bo‘lgan elektromobillar importini to‘xtatish, 15 ming dollarlik elektromobilni esa 30 ming dollardan bir qo‘lli qilib sotish degani. Ya’ni o‘zbekistonliklarni ayovsiz talash, tinimsiz talash, tanlovsiz talash degani.

Qolgani – JST, iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilish degan vajlar, uzrku-ya, 30 yillik qurigan shimildiriq.  Shimildiriq”, deydi Bakirov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing