Yana ikki davlatni Yevropa Ittifoqiga qo‘shish bo‘yicha muzokaralar boshlandi
Olam
−
19 iyul 2022
8310Yevropa Ittifoqi Albaniya va Shimoliy Makedoniya bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda bugun, 19 iyul kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Bryusselda ikki davlat rahbarlari bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Siz qat’iyat, qadriyatlarimiz va qonun ustuvorligiga sodiqlikni namoyish etdingiz, korrupsiyaga qarshi kurashdingiz, sizda erkin ommaviy axborot vositalari bor, ko‘plab islohotlarni amalga oshirdingiz. Albaniya va Shimoliy Makedoniya xalqi bunga loyiq va bir kun kelib biz Albaniya va Shimoliy Makedoniyani Yevropa Ittifoqining to‘laqonli a’zosi sifatida kutib olamiz”, degan Lyayen.
Albaniya 2014 yildan, Shimoliy Makedoniya 2005 yildan beri Yevropa Ittifoqiga nomzod hisoblanadi.
Bugun, 19 iyul kuni Bryusselda Yevropa Komissiyasi va ikki hukumat ishtirokida bo‘lib o‘tgan konferensiyada qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar boshlandi. Boblar deb ataladigan o‘nlab sohalarda muzokaralar olib boriladi. Ularning har biri uchun mamlakatlar o‘z qonunchiligini Yevropa Ittifoqi normalari bilan to‘liq sinxronlashtirishi kerak bo‘ladi. Bu jarayon yakunlangach, mamlakatlar Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishlari mumkin.
Ushbu jarayonni yakunlash uchun vaqt chegarasi yo‘q. Misol uchun, Turkiya 2005 yilda Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan va bugungi kunga qadar ularni yakunlash istiqbollari ko‘rinmayapti.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 iyun kuni YeI sammiti ishtirokchilari Ukrainaga Ittifoqqa qo‘shilish uchun nomzod maqomini bir qator shartlar bilan berishga qaror qilishdi, uning ijrosi bajarilmasdan bu mavzu bo‘yicha muzokaralar davom ettirilmaydi. Kiyev korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishi, chuqur sud-huquq islohoti va de-oligarxizatsiyani amalga oshirishi kerak.
LiveBarchasi
07 noyabr 2023
07 noyabr 2023
07 noyabr 2023