Yana bir soha xodimlarining maoshi oshiriladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishing.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 20 sentyabrdagi PF–5834-son Farmoni ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

•    Agentlikning tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

•    boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 20 nafardan iborat Agentlik markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi boshqarmalarining (keyingi o‘rinlarda – hududiy boshqarmalar) namunaviy tuzilmalari va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 3-ilovaga muvofiq;

•    O‘zbekiston Respublikasida 2020-2025 yillarda arxiv ishi va ish yuritishni yanada rivojlantirish dasturi 4-ilovaga muvofiq;

•    2020-2025 yillarda davlat arxivlari binolarini va saqlovxonalarini qurish dasturi 5-ilovaga muvofiq;

•    2023-2025 yillarda davlat arxivlari binolarini rekonstruksiya qilish dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Agentlik markaziy apparati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi boshqarmalari tuzilmasiga qo‘shimcha kiritilayotgan shtat birliklari tegishli byudjet tashkilotlari shtat birliklari sonini kerakligicha qisqartirgan holda, ularni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ta’minlanadi.

2. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

•    arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va nazoratni amalga oshirish;

•    Milliy arxiv fondining hujjatlarini jamlash, ularning saqlanishini, davlat hisobiga olinishini ta’minlash va ulardan keng foydalanish;

•    davlat arxivlarini boshqarish va ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;

•    arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda nodavlat sektorni yanada rivojlantirish, arxiv ishi sohasida davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

•    arxivshunoslik, arxeografiya, ish yuritish, elektron hujjat aylanishi sohasida ilmiy, metodik ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va ilmiy-texnika yutuqlarini respublika arxivlari amaliyotiga joriy etish;

•    zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda muntazam ravishda arxiv ishi va ish yuritish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning malakasini oshirish tizimini shakllantirish;

•    arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning ilg‘or ish tajribasini o‘rganish va ommalashtirish, xorijiy arxivlarda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari nusxalarini olib kelish.

3. Agentlik direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:

•    Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlari tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

•    mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida, ularga istisno tariqasida Arxiv ishini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan ish haqi va boshqa to‘lovlarni belgilagan holda, jalb qilish.

4. Belgilansinki, Agentlik va uning hududiy boshqarmalari xodimlari o‘z vakolati doirasida arxiv hujjatlarini topshirishning, saqlashning, ulardan foydalanishning, xuddi, shuningdek, arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmatlar ko‘rsatishning belgilangan tartibini buzganlik holatlari yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish huquqiga egadirlar.

5. Belgilab qo‘yilsinki, Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazida (keyingi o‘rinlarda – Markaz):

•    arxiv ishi va ish yuritishning zamonaviy talablari va jarayonlarini hisobga olgan holda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilot va muassasalar arxivchi va ish yurituvchi kadrlarini uch yilda kamida bir marta malakasini oshirish;

•    boshqa soha mutaxassislarining arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha bilimlarini oshirish yuzasidan o‘qishlar tashkil etish;

•    arxiv ishi va ish yuritishga oid respublika va xalqaro miqyosda seminarlar, konferensiyalar, anjumanlar tashkil etish;

•    arxiv ishi va ish yuritish sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;

•    arxivchi va ish yurituvchi kadrlarning malakasini oshirish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik ishlari amalga oshiriladi.

6. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

•    davlat arxivlari pullik xizmat ko‘rsatishdan olingan daromadining 20 foizi miqdoridagi yillik majburiy ajratmalar;

•    Markazning pullik xizmat ko‘rsatishdan olingan daromadining 30 foizi miqdoridagi ajratmalar;

•    Jamg‘arma mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga qo‘yishdan olingan daromadlar;

•    yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro tashkilotlarning grantlari;

•    qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga sarflanadi:

•    davlat arxivlarining binolari va saqlovxonalarini ta’mirlash hamda qurish;

•    davlat arxivlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va xavfsizlik tizimlarini joriy qilish;

•    xorijiy davlatlardan O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari nusxalarini qaytarish;

•    arxiv ishi sohasida turli konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;

•    Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

•    Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlari xodimlarini xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalarida o‘qitish, malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tkazish;

•    Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlari xodimlariga mamlakatda va xorijdagi xizmat safarlari xarajatlarini to‘lab berish;

•    Agentlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa tadbirlar.

7. Agentlik direktoriga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Agentlikning markaziy apparati va hududiy boshqarmalar xodimlariga asosiy egallab turgan lavozimlari bo‘yicha lavozim maoshlariga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat’iy nazar, ustama va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni belgilash huquqi berilsin.

8. Belgilansinki, 2019 yil 1 oktyabrdan:

•    Agentlik markaziy apparati va hududiy boshqarmalari xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,6 baravarga oshirgan holda qo‘llaniladi;

•    Agentlik markaziy apparati va hududiy boshqarmalari xodimlariga sohada uzoq muddat xizmat qilgani uchun ish haqiga ustama haq to‘lanadi.

•    Ushbu bandni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

9. Toshkent shahar hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ikki oy muddatda O‘zbekiston milliy arxivlari binosi qurilish davrida Agentlikni davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan ob’ektlarga vaqtinchalik joylashtirishga ko‘maklashsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:

•    O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi;

•    arxiv ishi va ish yuritish holati bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish tartibi;

•    Arxiv ishini rivojlantirish jamg‘armasi;

•    Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlasin.

11. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 20 sentyabr


Maqola muallifi

Teglar

agentlik O'zarxiv

Baholaganlar

96

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing