Yana bir postsovet mamlakatida maymun chechagi aniqlandi
Olam
−
15 iyun 2022
7732Gruziyada maymun chechagi infeksiyasining birinchi holati aniqlandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
"O‘tkazilgan laboratoriya tekshiruvlari natijasida 1 nafar shaxsda maymun chechagi kasalligi aniqlandi. Bemorda virusning yengil shakli bilan kasallangan va tegishli davolanish kursidan o‘tib, tezda tibbiy muassasani tark etgan", deyiladi xabarda.
SSV ma’lumotlariga ko‘ra, bemor Yevropa bo‘ylab sayohat qilgan.
Ayni vaqtda bemor bilan aloqada bo‘lgan odamlar o‘rganilmoqda, ammo hozircha hech kimda kasallikning klinik belgilari yo‘q. Sog‘liqni saqlash vazirligi maymunchechak kasalligiga shubha qilingan holatlarni tekshirishni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 iyun kuni Polshada, 13 iyun kuni esa Venesuelada maymun chechagi bilan kasallangan birinchi bemorlar aniqlangan edi. Kasallik qayd etilgan mamlakatlar asosan Yevropa va Shimoliy Amerikada joylashgan. Aksariyat hollar:
• Buyuk Britaniya – 207 (bir hafta oldin – 106);
• Ispaniya – 156 (20);
• Portugaliya – 138 (49);
• Kanada – 58 (26);
• Germaniya – 57 (5).
Ma’lumot o‘rnida, maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan yovvoyi hayvonlardan odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, limfa tugunlari shishishi, titroq va charchoqni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yuz va tananing boshqa qismlarida teri toshmasi ham paydo bo‘lishi mumkin. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, maymun chechagi epidemiyasi uchun o‘lim darajasi odatda 1 foizdan 10 foizgacha, o‘limning aksariyati yosh guruhlarda sodir bo‘ladi.
LiveBarchasi