Yana bir davlat Putinning qizlariga sanksiya qo‘lladi
Olam
−
19 aprel 2022
11133Kanada Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina va yana 13 nafar rossiyalik shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ro‘yxatga Prezident Vladimir Putinning voyaga yetgan ikki qizi va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ayoli ham kiritilgan. Bu haqda bugun, 19 aprel kuni mamlakat hukumati saytida e’lon qilingan Ukrainadagi vaziyat tufayli Kanadaning Moskvaga qarshi sanksiyalari bilan bog‘liq hujjatda aytiladi.
Ro‘yxatga tadbirkorlar Pyotr Aven, Mixail Fridman, Mixail Gutseriyev, German Xan, Oleg Boyko kiritilgan. Cheklov choralari Igor Makarov, Sergey Roldugin, Aleksandr Torshin, Aleksandr Ponomarenko, Katerina Tixonova, Mariya Voronsova, Mariya Lavrova va Yekaterina Vinokurovalarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Ma’lumot uchun, sanksiyalar ro‘yxatiga tushish Kanadadagi mumkin bo‘lgan aktivlarni muzlatish va mamlakatga kirishni taqiqlashni anglatadi.
11 mart kuni Kanada hukumati besh nafar rossiyalik va 32 ta tuzilmaga, xususan, Rossiya Federatsiyasi mudofaa kompleksiga aloqador bo‘lgan tuzilmalarga qarshi sanksiya joriy qilgan edi.
24 mart kuni esa Bosh vazir Jastin Tryudo Ukraina atrofidagi vaziyat munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Kengashining 160 nafar a’zosi yangi sanksiyalar ostida qolishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.
Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.
Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.
AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi.
9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.
6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi.
7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.
LiveBarchasi