Yaman Prezidenti uy qamog‘ida saqlanmoqda — OAV
Olam
−
18 aprel 2022
4554Saudiya Arabistoni hukumati Yaman rahbari Mansur Hodiy vakolatlarini Prezident boshqaruv kengashiga topshirish uchun bosim o‘tkazdi. Hozir u uy qamog‘ida saqlanmoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” o‘z manbalariga tayanib, xabar berdi.
Aprel oyida Yaman Prezidenti yetti yillik fuqarolar urushidan so‘ng, qisman hokimiyatni uni ag‘dargan Hutiylarga topshirishni istamagani uchun barcha o‘tish davri vakolatlarini sakkiz nafar taniqli siyosiy liderni o‘z ichiga olgan prezidentlik rahbariyati kengashiga topshirdi. Kengash tashkil etilgani haqida Ar-Riyoddagi yamanlararo maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha e’lon qilindi. Uning ishtirokchilari yangi kuch tuzilmasini Hutiylar bilan muzokara boshlashga chaqirdi.
“The Wall Street Journal” nashrining yozishicha, muzokaralar chog‘ida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muxammad ibn Salman Al Saud Yaman rahbariga prezidentlik vakolatlarini kengashga o‘tkazishni nazarda tutuvchi hujjatni topshirgan. Bundan tashqari, u go‘yo boshqa muzokarachilar Hodiyning iste’fosi zarurligi to‘g‘risida kelishib olganligini aytgan. Shu bilan birga, nashr manbalariga ko‘ra, Saudiya rasmiylari go‘yoki Yaman rahbarini korrupsion sxemalarga aloqadorligini tasdiqlovchi materiallarni chop etish bilan tahdid qilgan.
Xabarga ko‘ra, ayni paytda Hodiy aslida Ar-Riyodda uy qamog‘ida, telefon aloqalari mavjud emas. Prezident ofisi rahbari Abdulla al-Alimiy Hodiyning uy qamog‘iga olingani to‘g‘risidagi ma’lumotni rad etgan, biroq o‘zining Prezident bilan bog‘lanishi uchun vaqt kerakligini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, yangi prezidentlik rahbariyatining vakili Hodiy uy qamog‘ida emasligi haqidagi versiyani ilgari surdi. Shu bilan birga, sobiq matbuot kotibi Hadi Muxtor ar-Rahbiy Prezidentning hokimiyatdan chetlatilishi mamlakat Konstitutsiyasi qoidalarini buzishini ta’kidladi.
Saudiya Arabistoni poytaxtida 30 martdan 7 aprelgacha hutiy isyonchilar ishtirokisiz yamanlararo maslahatlashuvlar o‘tkazildi. 1 aprel kuni BMT Bosh kotibining Yaman bo‘yicha maxsus vakili Xans Grundberg muloqot ishtirokchilari ikki oyga harbiy harakatlarni to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qildi. Poytaxt va respublikaning shimoliy hududlarini nazorat qiluvchi Yamanning “Ansor Alloh” isyonchi harakati sulhni qo‘llab-quvvatlagani xabar qilingan.
Yamandagi mojaro 2014 yilning avgustidan beri davom etmoqda. Qarama-qarshilik 2015 yilning mart oyida Ar-Riyod boshchiligidagi arab koalitsiyasining Hodiyga sodiq harbiy kuchlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatga bostirib kirishi ortidan kuchaygan. Urush dunyodagi eng katta gumanitar inqirozni keltirib chiqardi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 24 milliondan ortiq yamanlik, ya’ni aholining qariyb 80 foizi insonparvarlik yordamiga muhtoj, ichki ko‘chirilganlar soni esa 4 milliondan oshadi.
LiveBarchasi