“Yalla” uslubidagi bolalar musiqa maktabi tashkil etiladi
Musiqa
−
11 Oktabr 2019
3274Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yalla” estrada vokal–cholg‘u ansambli ijro uslubini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligining 2020/2021 o‘quv yilidan Toshkent shahridagi 22-son bolalar musiqa va san’at maktabi negizida “Yalla” estrada vokal–cholg‘u ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
“Yalla” ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasini tashkil etish va uning faoliyatini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.
“Yalla” ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
• iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning iste’dodini rivojlantirish, ularga milliy estrada san’ati bo‘yicha ta’lim berish hamda taalluqli o‘quv-uslubiy ishlarni takomillashtirish;
• o‘quvchilarning tegishli sohada bilim olishlari va ijodiy salohiyatlarini oshirib borishlari uchun qulay sharoitlar yaratish;
• milliy estrada san’atini o‘zbek an’anaviy ijrochilik uslublari bilan hamohang tarzda, milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashgan holda rivojlantirish;
• yoshlarni ona Vatanga muhabbat, milliy an’analarga sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy estrada ijrochiligi bo‘yicha iste’dodli yosh ijodkorlarning kasbiy va ma’naviy kamol topishi va o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun shart-sharoit yaratish;
zamonaviy o‘quv-pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda o‘quv-tarbiya jarayonlarini yanada yaxshilash, ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llagan holda yangi o‘qitish uslublarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish.
Belgilab qo‘yilishicha, “Yalla” ansambli ijro uslubidagi musiqa maktabi va studiyasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim muassasasi hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega bo‘ladi.
LiveBarchasi