YHTlarda 263 nafar bola halok bo‘lgani katta fojiadir – Prezident
Jamiyat
−
11 fevral 2022
36912021 yil O‘zbekistonda 10 mingdan ziyod yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ularda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohatlangan bo‘lsa, 2,5 mingga yaqin odam, shu jumladan 263 nafar bola halok bo‘lgan. Bu haqda bugun, 11 fevral kuni bo‘li o‘tayotgan “Xavfsiz va ravon yo‘l” tamoyili asosida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.
“Bugun o‘ta muhim va kechiktirib bo‘lmas masalani muhokama qilamiz. Bu – yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash. Mamlakatimizda 2021 yilda 10 mingdan ziyod avariya sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohatlandi. Eng achinarlisi, 2,5 mingga yaqin odam, shu jumladan 263 nafar bola halok bo‘lgani katta fojiadir”, dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, o‘lim bilan bog‘liq avtohalokatlar Toshkent viloyatida har 100 ming aholiga 21 ta, Jizzaxda – 16 ta, Sirdaryoda – 15 ta, Navoiy va Samarqandda – 14 tadan, Qashqadaryo va Namanganda– 13 tani tashkil etib, boshqa hududlardan ancha yuqori.
Masalan, Popdan To‘raqo‘rg‘ongacha bo‘lgan 4R-112 yo‘lining 88-kilometri, “Termiz-Dushanbe” (M-41) xalqaro yo‘lining Jarqo‘rg‘on-Denov qismi (80-kilometri), A-373-yo‘lining Yozyovon tumanidan o‘tgan 352-kilometri, Samarqand-G‘uzor yo‘lining (A-378) 85-kilometrida har yili o‘nlab odamlar halok bo‘lmoqda.
“Ayniqsa, 2021 yilda Chiroqchida 43 ta, Namangan shahrida 42 ta, Yangiyo‘l tumanida 34 ta, Urgutda 28 ta, Andijon tumanida 20 ta avariyada odamlar hayotdan bevaqt ko‘z yumgan. Ushbu tuman va shahar hokimlari, ichki ishlar boshliqlari va prokurorlari ishdan olinib, uch oy sinov muddati berildi. Agar ular ushbu muddatda o‘zgarish qilmasa, javobgarlikka tortiladi”, dedi Prezident.
LiveBarchasi