YHXBBda alohida katta inspektor lavozimi joriy etiladi
Jamiyat
−
21 dekabr 2021
8827Vazirlar Mahkamasining “Ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Qarorda Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining amaldagi shtat birliklari doirasida Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va hududiy boshqarmalarida 1 nafardan oliy pedagogik ma’lumotga ega, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda xizmat olib boruvchi alohida katta inspektor lavozimini joriy etish belgilangan.
Ta’lim muassasalarida xizmat qiluvchi katta inspektor:
• ta’lim muassasalarida yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boradi, viktorina va musobaqalarni tashkil etadi, tadbirlarning ommaviy axborot vositalarida yoritilishini ta’minlaydi, maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha yaratilgan sharoitlarni o‘rganadi, monitoring qiladi va baholaydi, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan yuqori turuvchi tashkilotlarga taqdimnomalar, axborotnomalar kiritadi;
• ta’lim muassasalarida mazkur qaror doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qiladi;
• har haftada Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati havfsizligi bosh boshqarmasiga amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot beradi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:
• Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda har bir umum ta’lim maktab 9–11 sinf o‘quvchilari orasidan yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib qiluvchi 1 nafar “Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi”ni tanlab olish choralarini ko‘radi;
• Ichki ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda ta’lim muassasalarida ko‘ngilli yoshlar ishtirokida yo‘l harakati qoidalarini faol targ‘ib qiluvchi “Yo‘l harakati qoidalari yosh targ‘ibotchisi” klubini tashkil etsin hamda klubning Nizomi ilovaga muvofiq tasdiqlaydi;
• namunaviy loyihalar asosida ta’lim muassasalarida “Harakat xavfsizligi sinfxonalari” hamda “Yo‘l harakati qoidalari hududlari”ni tashkil etish chorasini ko‘rsin hamda yo‘l harakati xavfsizligiga oid ko‘rgazmali vositalar bilan bosqichma-bosqich jihozlaydi;
• Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 martga qadar o‘quvchilarda yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan hamda ularning yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha savodxonligini aniqlash mexanizmini yaratadi;
• ta’lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasida yo‘l harakati qoidalari targ‘iboti uchun mas’ullarni belgilaydi;
• Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda o‘qituvchilarning yo‘l harakati qoidalari borasidagi nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida o‘quv-seminarlar tashkil etadi;
• ta’lim muassasalarida mavjud fan va o‘quv dasturlari doirasida o‘quvchi-talabalarga yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bilimlarni berib borish ishlarini rivojlantiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi:
• Ichki ishlar vazirligi va mahalliy ijro etuvchi organlar bilan birgalikda 2021–2023 yillarda bosqichma-bosqich barcha maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari oldiga hamda yondosh yo‘llariga tezlik me’yorini keskin kamaytirgan holda, 30 km/soatda harakatlanishni bildiruvchi yo‘l belgilari va sun’iy noteksliklar o‘rnatib, to‘liq jihozlaydi;
• shahar va tumanlarning aholi gavjum joylarida piyodalar yo‘lakchalariga piyodalar boshqaradigan svetoforlar o‘rnatadi;
• o‘quvchilarni bepul tashish xizmatini yo‘lga quygan tadbirkorlik sub’ektlariga litsenziya to‘lovlari va boshqa yig‘imlar bo‘yicha imtiyoz berish masalasini ko‘rib chiqadi.
Qaror loyihasi 2022 yil 4 yanvargacha muhokama qilinadi.
LiveBarchasi